Янгиликлар
Yolg‘iz onalarga uy-joy ajratishdagi imtiyoz
Yolg‘iz onalarga uy-joy ajratishdagi imtiyoz
Vazirlar Mahkamasining Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomiga ko‘ra uy-joylar mulk huquqi asosida turar joyi yo‘q, ijarada yoki yashash uchun yaroqsiz uyda, boshqa oilalar bilan bitta xonadonda yashaydigan, ko‘p bolali, oilasining daromadi kam, og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolasini parvarishlayotgan, kam ta'minlangan oilada yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalayotgan xotin-qizlarga imtiyozli ravishda beriladi.
Shuningdek, sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz kabi kasalligi tufayli alohida xonada yashashi kerak bo‘lgan fuqarolar, oila a'zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, uy-joy maydoni ijtimoiy normaga muvofiq bo‘lmagan, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz ayollar ham endilikda imtiyozga egadir.
Ko‘p kvartirali uylardan kvartira sotib olish uchun turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxs hududiy komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
– ariza;
– qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar;
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxsning quyida ko‘rsatilgan mezonlardan biriga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar:
– o‘z uy-joyining yo‘qligi yoki eskirgan uylarda yashash;
– bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash;
– ko‘p bolali oila;
– ona (ota)ning to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi;
– ariza beruvchining oila a'zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;
– oila tarkibida birinchi guruh nogironi mavjudligi;
– turar joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.
– tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta'limdan keyingi ta'lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar.
Quyi Chirchiq tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
Zafar Jumonov