Янгиликлар
Dastlabki eshituv instituti qanday samara beradi?
Dastlabki eshituv instituti qanday samara beradi?
Dastlabki eshituv – surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyati ustidan bevosita sud nazorati shakllaridan biri hisoblanadi. Jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida jinoyat ishining kelgusi harakati masalalarini tortishuv prinsipiga ko‘ra hal etilishini ko‘zda tutadi. Mazkur yangi tartib jinoyat protsessi ishtirokchilari uchun nima beradi? Aytish kerakki, bugungi kunda sud muhokamasi oldidan sud ayblov tarafi taqdim etgan barcha ish materiallarga ega. Lekin afsuski, himoya tarafi sudga dastlabki tergov bosqichidan sud bosqichiga o‘tib kelayotgan iltimosnoma va shikoyatlardan boshqa hyech narsa taqdim eta olmaydi. Sud muhokamasi oldidan ayblov va himoya tarafining bu darajada teng bo‘lmagan imkoniyatlari sabab sudya jinoyat ishi materiallari (mutlaqo ayblov pozitsiyasida shakllantirilgan) bilan tanishish jarayonida to‘la xolislikni saqlay olmaydi. Bu sudning yoki prokurorning, yoxud himoyachining o‘z vazifasini noto‘g‘ri bajarayotganligini emas, balki jinoyat-protsessual funksiyalar taqsimlangan ana shu sub'ektlarning vakolat va imkoniyatlari darajasining nomutanosibligini anglatadi. Bu vaziyatning optimal yechimi – jinoyat ishini sudga tayinlash bosqichini taraflarning faol ishtiroki va tortishuv prinsipini real ta'minlovchi dastlabki eshituv shaklida tashkil etishdir. Dastlabki eshituvni o‘tkazish asoslari jinoyat ishi sudga yuborilganidan so‘ng taraflarning har biri sudga bevosita murojaat qilishi va o‘zi uchun muhim bo‘lgan masalalar bo‘yicha istalgan savollarni berishi mumkinligi haqidagi fundamental qoidaga asoslanadi. Hozirda bu huquq faqatgina sud muhokamasi bosqichida taraflar iltimosnomalar kiritish, sud munozaralarida ishtirok etish, ko‘rilayotgan masala bo‘yicha o‘z fikrini bildirish orqali amalga oshirilmoqda. Endilikda bu imkoniyatlarning barchasi sud muhokamasida emas, ishning dastlabki eshituvida ta'minlanishi mumkin. Yana bir muhim jihat, dastlabki eshituvda nomaqbul dalillarni dalil bazasidan chiqarishning asosiy tashabbuskori aynan himoyachi (demakki, ayblanuvchi) bo‘ladi, albatta. Bu esa sud jarayonini faollashtiradi, jonlantiradi, ayblov tarafini ziyrak tortishga, protsessga puxta tayyorgarlik ko‘rishga majbur etadi, ya'ni, sudning mazkur bosqichini yuzaki formalizmdan protsessual “realizm” sari olib chiqadi. Odatda, sudga qadar ish yuritish bosqichida tergov organlari tomonidan ikki xil kamchiliklarga yo‘l quyiladi: a) dastlabki tergovning to‘liq emasligi; b) jinoyat-protsessual qonun talablarining jiddiy buzilishi. Birinchisiga misol – jinoyat holatlarining to‘liq o‘rganilmaganligi yoki ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxsning aynan aybini tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligi bo‘lsa, ikkinchisi – dalillar yetarli bo‘lsada, ularni to‘plash jarayonida protsessual talablarning jiddiy ravishda buzilishi (masalan, isbotlashda taqiqlangan usullarni qo‘llash, tungi vaqtda tergov harakatlarini o‘tkazish va h.k.) Hozirda dastlabki tergov bosqichida vaziyat shundan iboratki, ob'ektiv va sub'ektiv omillar ta'sirida (tergov apparatida tajribali kadrlar “tanqisligi” hamda “tergov maktabi”ning deyarli yo‘qotilgani; ish hajmining nihoyatda kattaligi; tergovchilar ongida hali-hanuz “xato bo‘lsa, sud to‘g‘rilab oladi” kabi eskicha sovet qolipidagi fikrlash; inson taqdiri bilan bog‘liq masalada ham sifat emas, sonning ortidan quvish kabi yondashuvlarning mavjudligi, haddan tashqari vazifalar yuki ostida tergov ustidan prokuror nazoratining samarasi pasayganligi) tergovning sifati va saviyasi ancha tushayotganligi kuzatiladi. Bunday salbiy amaliyotga chek qo‘yishning samarali yo‘llaridan biri ham aynan dastlabki eshituvdir. Jinoyat ishlarini sifat nuqtai nazaridan taraflar ishtirokida “g‘alvirdan o‘tkazilishi”ning birlamchi maydoni ham, himoya tarafining sudning e'tiborini tergov xatolariga qaratishi asosida ayblov bazasini nomaqbul dalillardan “tozalash” ham aynan dastlabki eshituvda bo‘lib o‘tadi. Natijada sud muhokamasiga faqat sudda ko‘rilishiga tayyor bo‘lgan, sifatli ishlar o‘tadi. Endilikda jinoyat ishining tergovi saviyasiz bo‘lganligi sababli uning asosiy sud muhokamasiga yetib bormasligi xavfini anglagan dastlabki tergov organi tergov sifatini ta'minlashdan “manfaatdor” bo‘lib, isbotlash jarayonida nomaqbul usullar qo‘llashdan tiyiladi. Tergovda jinoyat ishining tugatilishi va to‘xtatilishi ehtimolini yanada puxtaroq aniqlaydi, himoyaning vajlari va e'tirozlari bilan hisoblashishga o‘rganadi. Prokuror esa, o‘z navbatida, odatdagidek, o‘zi sudda davlat ayblovchisi bo‘lib ishtirok etmaydigan jinoyat ishini sudga yuborishda nominal tasdiqlashga emas, balki dastlabki eshituvda mazkur jinoyat ishini shaxsan o‘zi “himoya” qilishga mas'uligi nuqtai nazaridan ayblov xulosasi bilan kelgan jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va sinchkovlik bilan tekshirishga majbur bo‘ladi. Dastlabki eshituvning sud uchun qanday afzalliklari va ijobiy ta'siri bor? Ta'kidlash zarurki, hozirda amaliyotda JPKda o‘rnatilgan jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichi formal, aniqroq aytsak, “jonsiz” ahamiyatga ega bo‘lib, unda sudyaga qator keng vakolatlar qonun bilan taqdim etilgan bo‘lsada, mazkur vakolatlarni amalga oshirish uchun sudyada real protsessual imkoniyatlar deyarli mavjud emas. Jinoyat ishini sudda har tomonlama va xolisona ko‘rilishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlarni bartaraf etish mas'uliyati sudyaning zimmasida bo‘lsada, lekin uni amalga oshirish uchun real vakolati yo‘qligi sababli jinoyat ishining nuqsonlarini ko‘ra bila turib sud muhokamasiga “o‘tkazish” majburiyatidan ozod bo‘ladi. Jinoyat ishining kelgusi “istiqboli”ga bog‘liq masalalarni sudya tomonidan taraflarning faol ishtirokida o‘rganishning afzalligi – bunday tortishuv muhiti sudyaning ishini yengillashtiradi. Hali asosiy sud muhokamasi boshlanmasdan jinoyat ishining sifati masalasidagi “taraflar raqobatida” sudya isbotlashning faol pozitsiyasidan kuzatuvchi “betaraf orbitr” pozitsiyasiga o‘ta boshlaydi. Bugungi kunda sud amaliyotida prokurorning sud protsessiga tayyorgarligi darajasi pastligi hollari ko‘payib bormoqdaki, buning natijasida sud jarayonida davlat ayblovchisi funksiyasining ayrim elementlari (masalan, ish materiallarini puxta o‘rganmagan prokuror sud tergovida so‘roq qilinayotgan protsess ishtirokchilariga savollar bera olmasligi oqibatida bu savollar sudyaning o‘zi tomonidan berilishi) sudya tomonidan amalga oshirilishi kuzatilmoqda. Bu esa mutlaqo nomaqbul yondashuv bo‘lib, sud protsessida taraflar o‘rtasida protsessual funksiyalar aralashuviga, eng achinarlisi, protsess ishtirokchilari tasavvurida “sudya ayblov tarafida ekan” degan tushunchaning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Aynan dastlabki eshituv jarayonida endilikda prokuror jinoyat ishi materiallarining haqiqiy “egasi” sifatida faollashib, sudyani uning xolisligini shubhaga oladigan har qanday vaziyatlardan holi etadi. Va nihoyat, aynan dastlabki eshituv jarayonida sudya dastlabki tergov organlari faoliyati ustidan sud nazorati funksiyasini real amalga oshirishni boshlaydi. Xorijiy tajriba shundan dalolat berayaptiki, dastlabki eshituv institutini milliy jinoyat ishlari yurituviga tatbiq etish hozirda sud yurituvida mavjud bo‘lgan jiddiy muammolarni hal etishning optimal yechimi hisoblanadi. Demak, dastlabki eshituv joriy etilishi sudning protsessual vakolatlarini mustahkamlash va yanada kengaytirishga, natijada esa, sud, dastlabki tergov organlari hamda fuqarolarning vaqti va sa'iharakatlarining tejalishi, jinoyat ishlari yurituviga jalb etilgan shaxslarning buzilgan huquqlari tez fursatda tiklanishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Quyi Chirchiq tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
Zafar Jumonov