Янгиликлар
Merosni qabul qilish uchun muddatning o`rni va ahamiyati
Merosni qabul qilish uchun muddatning o`rni va ahamiyati
Merosni qabul qilish uchun muddat O‘zbekiston qonun hujjatlari bilan belgilanmagan. Ya’ni voris istalgan vaqtda notariusga unga vorislik to‘g‘risidagi guvohnoma berish talabi bilan, agar u shunday huquqqa ega bo‘lsa, murojaat qilishi mumkin.
Darvoqe, ba’zi xorijiy mamlakatlarning qonunchiligi merosni qabul qilish uchun muayyan muddatni nazarda tutadi. Masalan, Rossiya Federatsiyasining Grajdanlik kodeksining[1] 1154-moddasiga muvofiq bunday muddat 6 oy deb belgilangan. Agar voris notariusga ushbu muddat mobaynida murojaat qilmasa, u vorislik huquqini yo‘qotadi, bundan muddatni sud uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan deb topganligi mustasnodir.
Merosni olish (qonun bo‘yicha yoki vasiyat bo‘yicha) uchun voris uni qabul qilishi, ya’ni vorislik mol-mulki meros qoldiruvchidan unga o‘tishi to‘g‘risidagi xohish-irodasi va merosni olishga doir o‘z niyatini izhor etishi kerak. Bunda voris meros qoldiruvchiga hayotligida tegishli bo‘lgan mulkiy huquqlar va majburiyatlarda uning o‘rnini bosadi. Shuni ta’kidlash lozimki, kishini merosni qabul qilib olishga majburlab bo‘lmaydi, vorisning o‘zi uni qabul qilish yoki rad etishga bo‘lgan o‘z xohish-irodasini izhor etishi kerak.
Qonun merosni qandaydir shartlar yoki ta’kidlashlar bilan qabul qilib olishga yo‘l qo‘ymaydi, masalan, vorisda qabul qilayotgan meros uchun soliq to‘lashga pul bo‘lgandagina merosni qabul qilib olish mumkin emas. Agar merosni qabul qilib olish to‘g‘risidagi arizada biror-bir shartlar yoki ta’kidlashlar mavjud bo‘lsa, u haqiqiy emas (o‘z-o‘zidan haqiqiy emas) deb baholanadi, shu sababli uni taqdim etish merosni olishga olib kelmaydi, ushbu arizaga asosan berilgan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma esa kuchga ega bo‘lmaydi.
Agar vorislar bir nechta bo‘lsa, ularning har biri merosning o‘ziga tegishli ulushini qabul qilganligi to‘g‘risida e’lon qilishi kerak. Agar uni bir voris qabul qilgan bo‘lsa, bu narsa boshqa vorislar tomonidan meros o‘z-o‘zidan qabul qilib olinishiga olib kelmaydi.
Jahongir Zokirov
Yuqori Chirchiq tuman adliya
bo`limi yetakchi maslahatchisi[1] Гражданский кодекс Российской Федерации // http://www.consultant.ru/document/cons_doc_LAW_34154