Янгиликлар
Merosdan voz kechish huquqi
Merosdan voz kechish huquqi
FKning 1147- moddasida merosdan voz kechish huquqi ko‘rsatilgan bo‘lib, bunga asosan, merosxo‘r o‘zining vorislikka chaqirilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab olti oy ichida merosdan voz kechishga haqli. Qonunning ushbu moddasi amaliyotda qo‘llanilgach, ijobiy natija bermadi. Bu holatni misol bilan tahlil qiladigan bo‘lsak, shaxs vafot etgach, uning vorislari ichidan birortasi meros olishni istamasa, olti oy muddat ichida notarial idoraga, merosdan o‘ziga tegishli ulushini olishdan voz kechganligi haqida ariza berishi lozim. Olti oy o‘tgach notarius ushbu mazmundagi arizani qabul qilishi qonunga zid bo‘lib hisoblanadi. Bizning odatlarimizga ko‘ra, hovli-joy ota-ona vafotidan so‘ng, ko‘pincha kichik o‘g‘ilga qoladi. Buning uchun boshqa merosxo‘rlar o‘z ulushini olmaslik haqida olti oy ichida notariusga ariza berishi kerak. Odatda milliy urf-odatimizdan kelib chiqib, meros haqida marhumning yilini o‘tkazib notariusga murojaat etiladi. Bunday hollarda barcha merosxo‘rlar mazkur huquq normasidan kelib chiqib, amaliyotda avval merosni qabul qilib olib, so‘ng ulushini bir merosxo‘r (ukasi)ga hadya shartnomasi asosida o‘tkazib bermoqdalar. Ushbu holatda fuqarolar idorama-idora yurib, meros ishiga alohida hujjat, hadya uchun alohida hujjat to‘plab, sarson bo‘lmoqdalar. Fikrimizcha, FKning 1147- moddasidagi “merosxo‘r o‘zining vorislikka chaqirilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab, degan jumladan so‘ng “olti oy muddat” degan jumlani “bir yil muddat ichida” deb o‘zgartirib, “merosdan voz kechishga haqli” degan jumlani qo‘shish lozim. Bu o‘zgartirish fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan omillardan bo‘ladi deb o‘ylaymiz.
Ta’kidlash joizki, Fransiyada merosdan voz kechish huquqini amalga oshirish uchun o‘ttiz yil muddat belgilangan[1]. O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 dekabrdagi “Notariat to‘g‘risida”gi 343-I-son qonuni 59-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma barcha merosxo‘rlarga birgalikda yoki ularning xohishiga ko‘ra har biriga alohida berilishi mumkin[2]. Agarda meros qolgan mulkka sud yoki tergov idoralari tomonidan taqiq solingan bo‘lsa, meros olish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani berish taqiq olib tashlanguncha to‘xtatib turiladi.
Oybek Buriyev
Yuqori Chirchiq tuman
adliya bo`limi boshlig`i
[1] “Сроки для принятия наследства и последствия их пропуска”// Ж.Бюллетень нотариальной практики. ООО Издательство Юрист.2007, –№4. –7 с.
[2] Ўзбекистон Республикасининг 1996 йил 26 декабрдаги “Нотариат тўғрисида”ги 343-I-сон қонуни // https://lex.uz/docs/54458