Янгиликлар
Himoyachi qachondan boshlab ishtirok eta oladi?
Himoyachi qachondan boshlab ishtirok eta oladi?
Jinoyat-protsessual kodeksining 49-moddasiga muvofiq jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa, uning harakatlanish erkinligiga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ishda himoyachining ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
Bu oʻrinda shuni nazarda tutish kerakki, shaxs JPK 221-moddasida koʻrsatilgan asoslarga koʻra ushlangan hollarda, garchi qonunda bu haqda tegishli bayonnoma shaxs ichki ishlar organi yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgandan soʻng rasmiylashtirilishi belgilangan boʻlsa-da, uning harakatlanish erkinligiga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab gumon qilinuvchi deb hisoblanadi.
Aynan shu paytdan boshlab ushlab turilgan shaxs gumon qilinuvchiga berilgan barcha huquqlardan, shu jumladan, himoyachi olish, yaqin qarindoshlariga yoxud advokatiga telefon qilish yoki xabar yuborish, koʻrsatuv berishdan bosh tortish, shuningdek oʻzi bergan koʻrsatuvlari jinoyat ishi boʻyicha unga qarshi dalil sifatida ishlatilishi mumkinligini bilish huquqidan foydalanadi.
Shu tufayli, bunday hollarda u guvoh sifatida soʻroq qilinishi, jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinganligi haqidagi qaror unga eʼlon qilinmasdan hamda tegishli huquq va majburiyatlari tushuntirilmasdan turib, unga nisbatan tergov harakatlari olib borilishi mumkin emas.
Jahongir Zokirov
Yuqori Chirchiq tuman adliya
bo`limi yetakchi maslahatchisi