Янгиликлар
MALAKA OSHIRISHGA BORGANDA “KOMANDIROVOCHNЫY” TOʻLANADIMI?
MALAKA OSHIRISHGA BORGANDA “KOMANDIROVOCHNЫY” TOʻLANADIMI?
Assalomu alaykum men Fargʻona viloyatida bir oylik malaka oshirishda oʻqidim. Savolim quydagicha menga kamandroshni pul toʻlanadimi va toʻlansa qancha miqdorda va qanday hisoblanadi. Javob uchun oldindan rahmat. Maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlayman 1 oy davomida oʻqishda boʻldim.
Malaka oshirish xizmat safari hisoblanmaydi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 424-son qaroriga ilovada tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari toʻgʻrisida”gi nizom 2-bandiga koʻra tashkilot rahbarining buyrugʻiga (qarori, farmoyishiga) asosan xodimning oʻzining doimiy ish joyidan boshqa joyga xizmat topshirigʻini bajarish uchun maʼlum bir muddatga yuborilishi xizmat safari hisoblanadi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, xizmat safari bu ish beruvchining topshirigʻi bilan xodimning boshqa hududda muayyan topshiriqni bajarishi hisoblanadi.
Malaka oshirish esa xizmat safari hisoblanmaydi.
Shunga koʻra siz aytayotgan “komandirovochnыy” toʻlanmaydi.
Biroq, siz malaka oshirishda boʻlgan vaqtingizda sizga oʻrtacha ish haqingiz toʻlab beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan “Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom 130-bandiga koʻra ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlariga ishdan ajralgan holda malaka oshirishga yuborilgan tinglovchilarning oʻqishi davrida asosiy ish joyi boʻyicha lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi, ularning oʻquv yuklamalari esa boshqa pedagog xodimlar oʻrtasida taqsimlanadi.
Aynan shu qoidaga koʻra sizga oʻrtacha ish haqingiz toʻlanadi, biroq bu “komandirovochnыy” deb atalmaydi.
Shahzod Abdurahmonov
Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti