Янгиликлар
Sizni ishga taklif qilishdi, lekin ishga olishmadi...
Sizni ishga taklif qilishdi, lekin ishga olishmadi...
Amaldagi Mehnat kodeksining 78-moddasiga koʻra, ish beruvchi tomonidan ishga taklif qilingan shaxslarni ishga qabul qilmaslik ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etish hisoblanadi. Lekin ishga taklif qilish amaliyoti amaldagi qonunchiligimizda aniq mexanizmlar bilan tartibga solinmagan.
Aksariyat hollarda bizda bunday takliflar ogʻzaki boʻladi. Masalan, qaysidir rahbar boshqa kompaniyada ishlayotgan qimmatli mutaxassisni oʻziga taklif qilar ekan, qandaydir yozma hujjat tuzib oʻtirmaydi. Oʻzaro uchrashuvlar oʻtkaziladi, rahbar oʻz taklifini, mutaxassis oʻz shartlarini aytadi. Taklif mutaxassisga maʼqul kelsa, ishidan boʻshab keladi va yangi kompaniyaga ishga olinishi mumkin. Lekin baʼzida mutaxassis narigi ishidan boʻshab kelganda, taklif bergan rahbar birdan aynib qolishi va uni ishga olmasligi ham mumkin.
Natijada mutaxassis oʻta ogʻir vaziyatga tushib qoladi: narigi tomondagi issiq joyini tashlab kelgan, bu tomonda esa vada bajarilmadi, uni taklif qilgan ikkinchi kompaniya rahbari shunchaki ishga olmadi. Va u koʻchada qoldi.
Aslida amaldagi MKning 78-moddasida ishga taklif qilingan shaxsni ishga olmaslik qonunbuzarlik ekani aniq koʻrsatib qoʻyilgan. Bunday holatlarda qonunbuzar ish beruvchi MJtKning 49-moddasi bilan maʼmuriy jarimaga tortilishi mumkin. Agar qonunbuzar rahbar shunda ham taklif qilingan xodimni ishga olmasa, sud qarori bilan majburiyat yuklatilishi mumkin. Lekin bu yerda ham bir muammo bor. Oʻsha koʻchada qolgan mutaxassis uni ishga taklif qilishganini isbotlab berishi kerak boʻladi. Albatta nizo chiqadigan boʻlsa, keyingi ish beruvchi yoki uning yuristlari “yoʻq boʻlmagan gap, sizni hech kim taklif qilmagan, qandaydir hujjat bormi, isbotiz bormi” deyishi turgan gap. Mehnat inspektorlarida ham, sudlarda ham shu gap boʻladi. Yuqorida aytganimdek, muammoning sabablaridan biri taklifning huquqiy asoslari yetarli emasligida.
Ana endi asosiy masalaga, toʻgʻrirogʻi, yangilikka yetib keldik. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 101-moddasi bilan ishga taklif qilish va taklifnomaning huquqiy asoslari keltirib oʻtilmoqda.
Diqqat qiling! Mazkur moddaga koʻra, agarda ish beruvchi ishga joylashtirish toʻgʻrisidagi taklif bilan jismoniy shaxsga taklifnoma yuborgan boʻlsa, ish beruvchi taklifnomaning amal qilish muddati davomida, agar taklifnomada muddat shartlashilmagan boʻlsa, taklifnoma yuborilgan kundan eʼtiboran 1 oy ichida ushbu shaxsni ishga qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Taklifnomaga ham tushuntirish berilmoqda: taklifnoma deganda ish beruvchining ushbu jismoniy shaxs bilan mehnat shartnomasini tuzish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri, aniq ifodalangan rozilik bildirishi tushuniladi. Taklifnoma ish beruvchining tegishli vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan yozma yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Shunday qilib, yangi Mehnat kodeksi kelayotgan 30-apreldan kuchga kirar ekan, ishga qabul qilish haqidagi taklifga ham huquqiy asos berilmoqda, masalaga aniqlik kiritilmoqda.
Ogʻzaki takliflarga ishonib ishingizdan voz kechib yangi ishga borsangiz, lekin ular sizni ishga olishmasa, huquqingizni tiklash juda qiyin boʻladi.
Demak, taklifga ishonib issiq joyingizdan voz kechib, yangi ishga borishdan oldin, umuman, bunaqa masalalarda bir qarorga kelishdan avval narigi tomondan rasmiy taklif berilishi eng toʻgʻri variant ekanligini hisobga oling.
Shahzod Abdurahmonov
Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti