Янгиликлар
Huquqiy maslahat
Huquqiy maslahat
Savol: Xodimamizning turmush o’rtog’i 1-guruh nogironi. Ushbu xodimamizga qandaydir kafolatlar bormi mehnat qonunchiligida?
Javob: Mehnat kodeksining 229-moddasiga ko’ra, homilador ayolning, 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi) bor ayolning, shu jumladan homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob a’zosini parvarish qilish bilan band bo‘lgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi (119-modda) belgilashga majburdir.
MK 285-moddasiga ko’ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi kasal bo‘linganda, mehnatda mayib bo‘lgan yoki boshqacha tarzda shikastlanganda, shu jumladan turmushda jarohatlanganda, oilaning betob a’zosini parvarish qilganda, karantin e’lon qilinganda, sanatoriy-kurortda davolanganda va protez qilinganda to‘lanadi.
“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning 31-bandiga ko’ra, ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo‘lgan 14 yoshdan katta bemorni parvarishlash uchun 7 kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Ushbu holatda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor bilan birga yashash yoki yashamasligi hamda mehnat ta’tilida ekanligidan qat’i nazar, bemorning oila a’zolari yoki qarindoshlaridan biriga beriladi.
Shuningdek, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunining 37-moddasiga ko’ra, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha bo‘lgan, nogironligi bor bolaga, shuningdek (davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra) o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
MK 4-moddasi 2-qismiga ko’ra, qonun hujjatlaridagiga nisbatan qo‘shimcha mehnat huquqlari va kafolatlari boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan shartnoma yo‘sinidagi hujjatlar (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar), shuningdek xodim va ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin.
Nurafshon shahar adliya xodimi B.Jumaboyev