Янгиликлар
Dam olish va bayram kunlari ishlaganlik uchun haq olish
Dam olish va bayram kunlari ishlaganlik uchun haq olish
Mehnat kodeksining 124-moddasiga asosan xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo‘llanishi mumkin.
Ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim.
Xodim dam olish va bayram kunlari ishga jalb qilinishi mumkinmi?
Mehnat kodeksining 130-moddasiga asosan dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Mazkur kodeksning 132-moddasiga asosan Bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlash man etiladi.
Xodimlarni shu kunlari ish beruvchining farmoyishi bilan ishga jalb etishga alohida hollardagina ushbu Kodeksning 130-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi. Xodim ishdan tashqari ishlasa, dam olish kuni ham ishlasa, bayram kuni ham ishlasa, hodimga qanday ish haqi to‘lanadi
Mehnat kodeksining 157-moddasiga asosan ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, mazkur asoslarga ko‘ra sizga Ish vaqtidan tashqari ishlaganingiz uchun ham, dam olish kunlari ishlaganingiz uchun ham va bayram kunlaridagi ishlaganingiz uchun ham kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi lozim.
Quyi Chirchiq tumani adliya bo‘limi YuXKM bosh yuristkonsulti
To‘ramurod Chegaboev