Янгиликлар
XOTIN-QIZLAR HUQUQLARINI TAʼMINLASH DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHIDIR
XOTIN-QIZLAR HUQUQLARINI TAʼMINLASH DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHIDIR
Qayd etish lozimki, yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, ularning maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha imkoniyatlar hamda huquqiy kafolatlar yaratilgan.
Mamlakatda sog‘lom oilani shakllantirish, oilada yuksak darajadagi maʼnaviy-axloqiy muhitni qaror toptirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni oila qurishga tayyorlash, oila mustahkamligini taʼminlash va uning manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Bu boradagi islohotlar respublikamizning chekka hududlariga yetib borishi va xotin-qizlar davlatning qo‘llab-quvvatlashi va himoyasida ekanini bilishi zarur.
To‘g‘ri, mamlakatimizda ijtimoiy munosabatlar sohasida yuz berayotgan barcha yangilanish jarayonlari muayyan qiyinchiliklarsiz kechmaydi. Fuqarolar oila-nikoh munosabatlarida tez-tez ana shunday muammolarga duch kelishmoqda va bu Vakilga yo‘llagan murojaatlarida o‘z aksini topmoqda.
Ushbu murojaatlar Ombudsman tomonidan darhol nazoratga olinib, tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi. Lekin, tan olish kerakki xotin-qizlar orasida o‘z huquqlarini yaxshi bilmaydigan, doimo qiynoqqa uchragani uchun qo‘rqoq, ojiza, himoyasiz bo‘lib qolgan, huquqiy xabardorligi yetarli darajada bo‘lmaganlari ham bor.
Davlatimiz rahbari ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasiga alohida urg‘u berib, bugungi kunda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni himoyaga olish tizimini takomillashtirish zarurati bor ekanini qayd etdi. Haqiqatdan ham tazyiqqa uchragan ayollar 30 kun muddatga alohida himoyaga olinadi, undan keyingi jarayonlarning borishi bo‘yicha tizimda bo‘shliqlar mavjud.
Kelgusida ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyasi sud tomonidan taʼminlanishi, alohida himoyaga olish muddatining bir yilgacha belgilanishi esa ularga yetarli darajada psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam berilishi va ish bilan taʼminlanishiga xizmat qiladi.
Davlat rahbari videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi mamlakatimizning taraqqiyot strategiyasida eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangani va ularning ijrosini tizimli tarzda, har bir mahalla kesimida amalga oshirish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilinganini qayd etdi.
Albatta islohotlarni har bir mahalla kesimida amalga oshirish ko‘plab huquqlari qo‘pol ravishda buzilgan yoki chetlab o‘tilgan himoyasiz va ojiz xotin qizlarni aniqlash va ularga amaliy yordam berishga zamin yaratadi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar keng qamrovli bo‘lib, ular xotin-qizlarni taʼlim olishi, ish va uy-joy bilan taʼminlanishi, ularga teng mehnat sharoitlari yaratilishi bir so‘z bilan aytganda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi. Davlat rahbari ham o‘z maʼruzasida “Endi har bir mahallada ayollarning dardi bilan yashaydigan tizim bo‘ladi. Qaysi ayolga nima kerakligi, o‘qishi, davolanishi, bolalari tarbiyasi bo‘yicha mening stolimda adolatli raqam bo‘ladi, – deb taʼkidladi.
Ayniqsa, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish xizmat qiladi. Chunki dasturga ko‘ra, davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etish, yangi o‘quv yilidan boshlab, taʼlim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.
Quyi Chirchiq tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
Zafar Jumonov