Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Demokratlashtirish, faol fuqarolik jamiyati va inson huquqlari ustuvorligi


Demokratlashtirish, faol fuqarolik jamiyati va inson huquqlari ustuvorligi

 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson, uning huquqi va qonuniy manfaati mujassam. Ilgari amalda bo‘lgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili yangi “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi. Iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatini ta’minlash, “jamiyat ¬ islohotlarning tashabbuskori” g‘oyasi bosh mezonga aylandi. Natijada mamlakatimizda fikrlar xilma-xilligi, g‘oyalar almashinuvi uchun sharoit yaratildi. Erkin munozara maydoni shakllandi.

Masalan, gender muvozanatiga erishish, siyosiy yoki jamoatchilik ishida o‘zini namoyon etishga tayyor ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor tufayli Parlamentlararo ittifoqning 2021 yilgi “Siyosatdagi ayollar” jahon reytingida O‘zbekiston 45-o‘rinni egalladi. Parlament va hukumatda ayollarning vakilligi ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimiz nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki Germaniya, AQSH, Kanada, Avstraliyadan ham oldinda.

2021 yil 14 oktyabr kuni e’lon qilingan Huquq ustuvorligi indeksi (World Justice Project)da O‘zbekiston 14 pog‘ona ko‘tarildi. Joriy yil mamlakatimizga berilgan baho 4,1 foiz o‘sdi. Bu yo‘nalishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan uch davlatdan biri sifatida e’tirof etilgan O‘zbekiston umumiy reytingda 85-o‘rinni egalladi.

Ekspertlar e’tiroficha mamlakatning siyosiy qiyofasi yangilanishi barobarida odamlarning ham, fuqarolik jamiyatining ham dunyoqarashi o‘zgarmoqda. 2016 yildan keyin davlatimiz rahbari tomonidan xalq bilan samarali muloqot qilish, mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi ochiqligi va mas’uldorligini davlat apparati faoliyatining muhim sharti sifatida belgilandi. Bugun amaldorlar mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim, ayniqsa, aholini qiziqtirgan masalalari bo‘yicha qaror qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlashmoqda.

O‘zbekiston davlat va jamiyatning barcha sohalarini tubdan isloh qilish bosqichini boshidan kechirayotgan mamlakat sifatida fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, siyosiy institutlarni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish g‘oyalariga sodiqdir. So‘nggi yillarda ayni yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish mexanizmi takomillashtirilmoqda, mazkur yo‘nalishda kafolatlar mustahkamlanyapti. Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyati bo‘yicha qonunchilik sezilarli darajada liberallashtirilmoqda. 

Masalan, jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi byurokratik to‘siqlar olib tashlandi, NNTlar xorijiy grantlar olishi va ushbu mablag‘lardan foydalanishida to‘siqlar yo‘q. NNT va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi idora o‘rtasidagi tadbirlarni muvofiqlashtirish tartibi bekor qilindi. NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji stavkalari 5 barobar, soliq yuki 2 barobar kamaytirildi. Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar va grantlar so‘nggi to‘rt yil ichida 4 barobar oshdi.

O‘tgan besh yilda O‘zbekistonda fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida salmoqli ishlar amalga toshirildi. Shunday bo‘lsa-da, strategik istiqbolda sa’y-harakatlardagi jadallikni saqlab qolish yo‘llari, omillarini takomillashtirish muhimligicha qolmoqda. Bu jarayonda erishilgan yutuqlar bilan qanoatlanmasdan, aniqlangan muammolar va yuzaga kelayotgan chaqiriqlarni ham har tomonlama tahlil qilish zarurati mavjuddir.

 

Muallif                                                                             Adliya bo’limi bosh

        maslahatchisi T.Abdullayev