Янгиликлар
Qonunchilikdagi yangiliklar turkumdan
Qonunchilikdagi yangiliklar turkumdan
1. «Aholiga ipoteka krediti va uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Hukumat qarori (601-son, 14.10.2022 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan, 2022 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagilar belgilandi:
subsidiyaga talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan Yoshlar ishlari agentligi bo’lim boshlig’i va aholi bandligiga ko’maklashish markazi direktorlari chiqariladi;
subsidiya olish uchun arizani aholi bandligiga ko’maklashish markazlari, Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, Yoshlar ishlari agentli bo’limlari va tuman (shahar) hokimligi tomonidan ko’rib chiqish tartibi bekor qilinadi;
bunda mazkur tashkilotlarning ma’lumotlari subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minoti orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi;
subsidiya ajratish maqsadida uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari doirasida quyidagilar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan ayrim shaxslar toifasiga kiritiladi:
yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar;
olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va tibbiyot xodimlari.
2022 yil 1 noyabrga qadar «Labor — migration» dasturi va Kadastr agentligining Milliy geografik axborot tizimi portali subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minotiga integratsiya qilinadi.
Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan mablag’lar hisobidan ipoteka krediti ajratishda qarz oluvchilarga qarz yukining eng yuqori chegarasi hamda subsidiya olish uchun bir kalendarь yilda ikki marta ariza berish bo’yicha belgilangan cheklovlar bekor qilindi.
2022 yil 1 noyabrga qadar 2020-2022 yillar dasturi doirasida subsidiya ajratish to’g’risida xabarnoma olgan fuqarolarga ipoteka krediti foizlarining bir qismini qoplash bo’yicha to’lanmay qolgan subsidiyalarni to’liq to’lash choralari ko’riladi.
2021 yil dasturi doirasida subsidiya ajratish to’g’risida xabarnoma olgan Toshkent shahrida doimiy ro’yxatda turadigan fuqarolarga Toshkent viloyatida qurilgan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olish huquqi beriladi.
2. «Ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarning hisobini yuritishda shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, kadastr sohasidagi ayrim ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Hukumat qarori (610-son, 18.10.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko’ra, Kadastr agentligi tomonidan Milliy geoaxborot tizimida ochiq ma’lumotlar asosida ommaviy geoportal yuritiladi va u 2023 yil 1 yanvarga qadar ishga tushiriladi.
Ko’chmas mulk ob’yektlariga kadastr yig’majildini tayyorlash ishlari faqat axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.
2024 yil 1 yanvarga qadar davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari amalda foydalanib kelayotgan, biroq yer ajratish haqida qaror qabul qilinmagan yer uchastkalarini rasmiylashtirish ishlari yakunlanadi.
Davlat kadastrlarini yurituvchi vakolatli organlar 2022 yil oxiriga qadar o’zlarining ma’lumotlar bazalari axborot tizimiga to’liq integratsiya qilinishi ta’minlanadi.
Malaka shahodatnomasiga ega bo’lgan kadastr muhandislari axborot tizimidan foydalanilganligi uchun har oyda BHMning bir baravari miqdorida to’lov amalga oshiradi.
Ochiq ma’lumotlar ommaviy geoportal orqali davlat boshqaruvi organlariga bepul, jismoniy shaxslar, xo’jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslarga to’lov evaziga taqdim etiladi.
Ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarning davlat reyestridagi yer uchastkasi kadastr raqami, uning manzili va undan foydalanish maqsadi to’g’risidagi ma’lumotlarni foydalanuvchilar tomonidan bepul olish imkoniyati yaratiladi.
3. «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi Hukumat qarori (611-son, 19.10.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko’ra, tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi.
Bunda quyidagilar:
tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlarni ro’yxatga olish kitobini yuritish shakllari;
kitobga kiritiladigan tekshiruvlar to’g’risidagi ma’lumotlar va ularni kiritish tartibi;
kitobni to’ldirish tartibiga rioya qilishni monitoring qilish va uning hisobini yuritish begilandi.
Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o’tkazish tartibi belgilanib, attestatsiyadan o’tgan xodimga tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma beriladi.
Bundan tashqari, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining qonunni buzish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi «xavfni tahlil etish» tizimini ishlab chiqishga doir minimal talablar belgilandi.
Yangiyo‘l shahar
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
Abdullayev T.O