Янгиликлар
“Davlat fuqarolik xizmati to’g’risida”gi Qonun qabul qilindi
“Davlat fuqarolik xizmati to’g’risida”gi Qonun qabul qilindi
Joriy yilning 8 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat organlari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 118 ming nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va ular faoliyatini yagona qoidalar asosida huquqiy tartibga soluvchi «Davlat fuqarolik xizmati to’g’risida»gi Qonunni imzoladi.
Qonun bilan quyidagilar belgilanmoqda:
davlat fuqarolik xizmati sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi umumiy qoidalar;
davlat fuqarolik xizmatini tartibga solishda davlat
organlarining asosiy vazifa va vakolatlari;
davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi, huquq va majburiyatlari, huquqiy va ijtimoiy himoyasining kafolatlari;
davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni o’tash va tugatish asoslari;
davlat fuqarolik xizmati tizimida korrupsiyaning oldini olish choralari.
Davlat fuqarolik xizmati – davlat xizmatining bir turi bo’lib, fuqarolarning davlat fuqarolik xizmati lavozimlarida, davlat organlari vakolatlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi, haq to’lanadigan kasbiy faoliyat hisoblanadi.
Davlat fuqarolik xizmati tizimi – davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan tarzda tanlab olish, hisobga olish, joy-joyiga qo’yish, ularning mehnatiga haq to’lash, kasbiy kompetensiyasini oshirish va lavozim bo’yicha ko’tarishning yagona tashkiliy-huquqiy majmuidir.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestri yuritiladi, Qonun aynan ushbu reestrga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga tatbiq etiladi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestri Prezident tomonidan tasdiqlanadi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yuritiladi.
Qonun kimlarga tatbiq etilmaydi?
Prezident;
Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari;
Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va Xalq deputatlari kengashlari deputatlari;
Parlament palatalari devonlari xodimlari;
Markaziy saylov komissiyasi a’zolari;
sudьyalar va sud tizimi xodimlari;
Markaziy bank boshqaruvi a’zolari;
prokuratura, ichki ishlar, mudofaa, favqulodda vaziyatlar, bojxona va davlat xavfsizlik organlari va Milliy gvardiya xizmatchilari;
davlat organlari va tashkilotlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish xodimlari.
Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi;
qonuniylik;
adolatlilik;
xalqqa xizmat qilish;
davlat organlari va mansabdor shaxslarining jamiyat hamda fuqarolar oldida mas’ulligi;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
xolislik, professionallik va kompetentlik;
davlat fuqarolik xizmatiga kirishda fuqarolarning teng huquqliligi;
davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi.
Qonun bilan Prezident, Vazirlar Mahkamasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari mustahkamlandi. Bunda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi maqomiga ega bo’ldi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o’z vakolatlari doirasida:
davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
davlat fuqarolik xizmati sohasida kadrlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etadi;
davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi;
davlat fuqarolik xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar (asosiy ko’rsatkichlar) tizimini joriy qiladi;
davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun shart-sharoitlar yaratishga ko’maklashadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi – uning huquqlari va majburiyatlari yig’indisi hisoblanadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestriga kiritilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan fuqarolar davlat fuqarolik xizmatchilari deb yuritiladi.
Fuqaro davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan e’tiboran davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomiga ega bo’ladi va faoliyati tugatilishi munosabati bilan uni yo’qotadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo’lishi va korrupsion harakatlar (harakatsizlik)ning oldini olishi shart. Agarda u korrupsiya faktlari to’g’risidagi axborotga ega bo’lsa, uning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko’rishi kerak.
Odob-axloq qoidalariga rioya etish – davlat fuqarolik xizmatchilari o’rtasidagi o’zaro ahloqiy munosabatlar, ularning ishchanlik obro’si va xizmatning nufuziga putur yetkazishi mumkin bo’lgan harakatlar (harakatsizlik), xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorning asosiy qoidalariga amal qilishni nazarda tutadi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda o’zining ichki odob-axloq qoidalarini tasdiqlaydi, ularga rioya etilmaslik intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo’ladi.
Davlat fuqarolik xizmatida sovg’alarga nisbatan munosabatda bo’lish shartlari Qonunda belgilangan. Unga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchisi (uning oila a’zolari)ga bepul berilgan, moddiy qimmatga ega bo’lgan mol-mulk yoki beg’araz ko’rsatilgan xizmat sovg’a hisoblanadi.
Vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko’zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg’alar olish taqiqlanadi.
Siyosiy guruhga taalluqli davlat fuqarolik xizmatchilarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish tartibi alohida qonun va Prezident qarorlarida belgilanadi.
Boshqaruv va yordamchi guruhlarga taalluqli lavozimlarga tanlov (ichki va tashqi) asosida tayinlanadi hamda davlat organi rahbari tomonidan lavozimidan ozod qilinadi.
Malaka darajalari izchil tartibda, oliy ma’lumotga va muayyan ish stajiga, malaka oshirish kurslarini tugatganligi to’g’risidagi sertifikatga, malaka komissiyasining ijobiy xulosasiga ega bo’lgan taqdirda beriladi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash uchun nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, huquqlarining tengligi kafolatlanadi.
Davlat fuqarolik xizmatini o’tash muddati lavozimga tayinlangan paytdan e’tiboran to davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugatilgan sanaga qadar bo’lgan davrni qamrab oladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan asoslarda va miqdorlarda to’lanadigan barcha turdagi ijtimoiy nafaqalar tatbiq etiladi. Ijtimoiy nafaqalarni to’lash davlat byudjetining mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati sohasidagi ijtimoiy munosabatlarning mexanizmlarini belgilab berdi va kelajakda sohaning rivojlanishiga mustahkam asos bo’lib xizmat qiladi.
Yangiyo‘l shahar
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
Abdullayev T.O