Янгиликлар
Ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun xodimning moddiy javobgarligi
Ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun xodimning moddiy javobgarligi
Mehnat kodeksining 12-bob 3-paragrafida ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun xodimning moddiy javobgarligi belgilangan.Mehnat qonunchiligida Moddiy javobgarlikning 2 turi: cheklangan va toʻliq moddiy javobgarlik belgilangan. Cheklangan miqdordagi moddiy javobgarlikning ham 2 turi mavjud: a) xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan oshmaydigan miqdordagi bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar uchun moddiy javobgarlik; b) xodimning 3 oylik maoshidan oshmaydigan miqdordagi moddiy javobgarlik ,toʻliq moddiy javobgarlikda esa yetkazilgan zarar hech qanday cheklashlarsiz toʻliq qoplanadi.
Amaliyotda xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan ortiq boʻlmagan cheklangan miqdordagi moddiy javobgarlik koʻproq qoʻllanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnatkodeksining 201-moddasida oʻz mehnat burchini bajarayotganda yetkazilgan haqiqiy zarar miqdori xodimning oʻrtacha oylik ish haqi miqdori doirasida moddiy javobgarlikni keltirib chiqarishi taʼkidlangan.
Mehnat shartnomasini gʻayriqonuniy ravishda bekor qilish yoki xodimni gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar 3 oylik maoshi miqdorida moddiy javobgarlikka tortilishi koʻzda tutilgan. Oʻrtacha oylik ish haqi zarar yetkazilgani aniqdlangan kundan boshlab hisoblanadi. Qoidaga koʻra, yetkazilgan zarar miqdori xodimning oxirgi 2 oylik ish haqi maoshi yuzasidan hisoblab chiqariladi. Agar zarar miqdori undan ortiq boʻlmasa, faqat haqiqiy zararning oʻzi undiriladi.
Amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq, yetkazilgan zarar uchun quyidagi hollarda xodimga toʻliq moddiy javobgarlik yuklatiladi: maxsus yozma shartnoma asosida unga ishonib topshirilgan qimmatliklarning saqlanishini taʼminlamaganlik uchun; bir gallik hujjatlar asosida olingan qimmatliklarning saqlanishini taʼminlamaganlik uchun; qasddan zarar yetkazilganda, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik va toksik modda taʼsiridan mastlik holatida zarar yetkazilganda; xodimning sud hukmi bilan anikdangan jinoiy harakatlari natijasida zarar yetkazilganda; tijorat sirlari oshkor etilganda; qonunlarda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hukumat qarorlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda. 18 yoshga toʻlmagan xodimlar faqat qasddan yetkazilgan zarar uchun, alkogollik ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida yoki jinoyat sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladi.
Yangiyoʻl shahar
Adliya boʻlimi bosh maslahatchisi
Abdullayev T.O