Янгиликлар
Yuridik markazga kelib tushayotgan murojaatlardan biri. Assalomu alaykum, bizga 1 ta shtatga qisqarish kelgan, 2 ta xodimdan biri ketishi kerak. Xodimlarning malakasi va mehnat unumdorligi bir xil. 1-xodimimiz qaramogʻida 3 kishi bor. 2 –xodimimiz esa Che
Yuridik markazga kelib tushayotgan murojaatlardan biri. Assalomu alaykum, bizga 1 ta shtatga qisqarish kelgan, 2 ta xodimdan biri ketishi kerak. Xodimlarning malakasi va mehnat unumdorligi bir xil. 1-xodimimiz qaramogʻida 3 kishi bor. 2 –xodimimiz esa Chernobilchi, nurlanish kasalligi bor. Shunda 1-xodimni ishda olib qolamizmi, chunki MK 103-modda 2-qismiga koʻra 1-xodimiz 1-bandga, 2-xodim esa 7-bandga tushmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qoʻllanilishi haqida”gi qarorining 25-bandiga koʻra, agar xodimlarning malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlsa, MK 103-moddasining 2-qismida koʻrsatilgan holatlar hisobga olinishi lozim. Bunda ushbu holatlarning MKning 103-moddasida qay tartibda koʻrsatilishining ahamiyati yoʻq. Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlgan taqdirda ikkinchi navbatda hisobga olinadigan, koʻp sonli holatlar boʻyicha afzallikka ega boʻlgan xodim ishda qoldirilishi kerak.
Demak, eʻtibor bering, afzallik beriladigan holatlarning MKning 103-moddasida qanday tartibda 1 yoki 7-bandda koʻrsatilishining ahamiyati yoʻq. Sizning holatingizda har ikki xodimingiz ham bir xil afzallik huquqiga ega.
Agar xodimlarning malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlsayu, bir-birlariga nisbatan MK 103-moddasining 2-qismida belgilangan ishda qoldirishda afzallik huquqiga ega boʻlmasalar, ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq toʻgʻrisidagi masalasini hal etishda jamoa shartnomasida koʻrsatilgan holatlar hisobga olinadi.
Soli Xakimov
Ohangaron shahar adliya boʻlimi YUXKM boshligʻi
1-darajali yurist