Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Yuridik markazga kelib tushayotgan savollardan biri. Assalomu alaykum. Muhammadamin aka taʻtillar muddatini hisoblash oʻzgardimi?


Yuridik markazga kelib tushayotgan savollardan biri. Assalomu alaykum. Muhammadamin aka taʻtillar muddatini hisoblash oʻzgardimi?

Oʻzgarmadi, endi oʻzgaradi. Hozircha taʻtillar muddatini amaldagi Mehnat kodeksi 139-moddasiga koʻra hisoblaysiz. 30-apreldan esa Yangi Mehnat kodeksi 221-moddasi boʻyicha hisoblaysiz.

Amaldagi MK 139-moddasiga koʻra, taʻtillarning muddati 6 kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar boʻyicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Yaʻni yakshanba taʻtil muddatiga qoʻshilmaydi. 5 kunlik ish haftasida ishlasangiz ham shanba taʻtil muddatiga qoʻshiladi.

Taʻtil davriga toʻgʻri kelib qolgan va ushbu Kodeksning 131-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan kunlar (9 ta ishlanmaydigan bayram kunlari) deb hisoblanadigan bayram kunlari taʻtil muddatini belgilashda hisobga olinmaydi.

Qoʻshimcha dam olish kunlarichi? Masalan, PF-270 bilan 2023-yilda barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qatʻi nazar) 2 ta qoʻshimcha dam olish kunlari belgilangan: 2-yanvar — dushanba, 30-iyun — juma.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining 2018-yil 28-fevraldagi 8-q/q, 47-son qaroriga ilova “Yillik mehnat taʻtili vaqtida saqlanib qolinadigan oʻrtacha ish haqi miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisida” gi 2985-sonli Yoʻriqnomaning 16-bandiga koʻra, taʻtil kunlarini hisob-kitob qilishda mehnat taʻtili davriga toʻgʻri keladigan

dam olish (yakshanba)

ish kuni boʻlmagan bayram kunlari (131-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan 9ta bayram kunlari )

qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlar hisobga olinmaydi.

Demak, yuqoridagi holatlar amaldagi mehnat qonunchiligi boʻyicha taʻtillar muddatini hisoblash.

30-apreldan boshlab esa taʻtillar muddatini hisoblash Yangi Mehnat kodeksi 221-moddasiga koʻra hisoblanadi. Unga koʻra, xodimlarning har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʻtillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi.

Eʻtibor bering, kalendar kunlarda deyilmoqda. Yaʻni yakshanba ham kiradi. Har yilgi mehnat taʻtili davriga toʻgʻri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari (208-moddaga muvofiq ishlanmaydigan 9ta bayram kunlari ) mehnat taʻtillarining davomiyligini belgilashda hisobga olinmaydi.

Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʻtillarining davomiyligi 6 kunlik ish haftasi hisobidan kalendar boʻyicha ish kunlarida hisoblab chiqariladi.

Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi 743-son qaroriga koʻra, tabiiy-iqlim sharoitlari ogʻir va noqulay boʻlgan joylarda ishlaydigan xodimlar uchun yillik qoʻshimcha taʻtilning eng kam muddati ish kunlari hisobida beriladi. Masalan, Uchquduk shahri, Zarafshon shahri uchun 6 ish kuni qoʻshimcha taʻtil beriladi. Ana shu 6 ish kuni taʻtil 6 kunlik ish haftasi hisobidan kalendar boʻyicha ish kunlarida hisoblab chiqariladi. Yaʻni ana shu 6 ish kuni taʻtilga yakshanbani qoʻshmaysiz.

Diqqat! Agar 30-aprelga qadar mazkur 743-son qarorga oʻzgarish kiritilib, qoʻshimcha taʻtilning muddati kalendar kunlarda belgilansa, u holda ushbu taʻtillarining davomiyligi ham kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi.

Taʻtillar muddatini hisoblashda qoʻshimcha dam olish kunlari masalasi esa Yangi kodeksda nazarda tutilmagan. Katta ehtimol bilan Yangi kodeks kuchga kirishi bilan 2985-yoʻriqnoma ham oʻz kuchini yoʻqotadi. Ana unda qoʻshimcha dam olish kunlari ham taʻtil muddatiga qoʻshiladi.

Soli Xakimov

Ohangaron shahar adliya boʻlimi YUXKM boshligʻi

1-darajali yurist