Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: BARCHASI INSON QADRI UCHUN


KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: BARCHASI INSON QADRI UCHUN

“O‘zbekistonda mustaqil va kuchli davlat qurishdan asosiy maqsad inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etishdir”

Shavkat MIRZIYOEV

O‘zbekiston Konstitutsiyasi 30 yoshga to‘lmoqda. O‘tgan yillar ichida mamlakatda zamona-viy texnologiyalar, fuqarolarning turmush darajasini oshirish va milliy iqtisodiyotning barqarorligini ta'minlash bo‘yicha ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Ya'ni Bosh qomus, eng avvalo, xalqimizning huquq va manfaatlarini oliy o‘ringa qo‘ygan holda o‘zining qat'iy normalarini hayotga tatbiq eta olgan hujjatdir. Ushbu qat'iy normalar 2022 yilga kelib Yangi O‘zbekistonning huquqiy poydevori sifatida mustahkamlash zaruratini uyg‘otdi. Ta'bir joiz bo‘lsa, bu shunchaki zarurat emas, balki, mamlakatimizda boshlangan buyuk o‘zgarishlar davri – uchinchi Renessans poydevorini barpo etishning muhim shartidir.

Mana shu islohotlarni faol kuzatuvchisi sifatida aytishim mumkinki, bundan yigirma yil avvalgi fuqarolarimiz faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lmagan, davlat va jamiyat faoliyatiga aralashmagan yoki aralashishni istamagan bo‘lsa, hozir zamon o‘zgardi. Odamlarda davlatning har bir jabhasida olib borilayotgan siyosiy o‘zgarishlarga o‘z fikri va qarashlari shakllandi.

E'tiborlisi shundaki, O‘zbekiston Prezidenti hukumat vakolatlarini kengaytirish, Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar, oilani qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas'uliyatini Konstitutsiyada belgilash lozimligini ta'kidlamoqda. O‘zbekiston xalqining ham Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakat suverenitetini, davlatning ijtimoiy mohiyatini tobora mustahkamlab borishiga ishonchi komil. Binobarin, muhokamaga qo‘yilgan ko‘plab tuzatishlar insonparvarlik tamoyillariga asoslangan, hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi bo‘yicha Bosh Qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartish va qo‘shimchalar, 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shish taklif etilmoqda. Mazkur taklif etilayotgan normalarga xalqimizning munosabatini Referendum o‘tkazish yo‘li bilan aniqlash rejalashtirildi.

Shu o‘rinda mamlakatimizda o‘tgan uch yil mobaynida sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirildi. Ana shu ma'noda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109, 111, 112, 116-moddalari har jihatdan boyitiladigan bo‘ldi.

Masalan, 109-modda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatiga bog‘liq bo‘lib, uning birinchi qismidan konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan degan so‘zlar chiqarib yuborilishi taklif etilmoqda. Ya'ni har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi, deb qoldirilyapti. Chunki, Konstitutsiyaviy sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot taqdim etish vazifasi asosiy vazifalardan biridir.

Sudlov ishini umumlashtirish natijasi yoki faoliyatni monitoring qilish masalalari Konstitutsiyaviy sud faoliyatining yo‘nalishi hisoblanadi. Bunda fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqadi, shuningdek, 8-band bilan to‘ldirilyapti, ya'ni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida ishlarni ko‘rib chiqadi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos va ishonchli kafolat yaratishi lozim.

Bugungi shiddatli zamonda inson huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan demokratik fuqarolik jamiyati barpo etish orqali O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaroning rivojlangan davlatlardagi insonlardan kam bo‘lmagan holda ishlashi va yashashi uchun sharoit yaratish – asosiy vazifamizdir.

Zero, O‘zbekiston xalqi Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni anglab, qalbidan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabat bildirishi kelajak hayotini qurish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Abdulaziz Kazimbayev

Yangiyo'l shahar Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti