Янгиликлар
MAKTABGACHA TA'LIM SOHASI UZLUKSIZ TA'LIM TIZIMINING BIRLAMCHI BO‘G‘INI HISOBLANIB, U HAR TOMONLAMA SOG‘LOM VA BARKAMOL BOLA SHAXSINI TARBIYALASH VA MAKTABGA TAYYORLASHDA MUHIM AHAMIYAT KASB ETADI.
MAKTABGACHA TA'LIM SOHASI UZLUKSIZ TA'LIM TIZIMINING BIRLAMCHI BO‘G‘INI HISOBLANIB, U HAR TOMONLAMA SOG‘LOM VA BARKAMOL BOLA SHAXSINI TARBIYALASH VA MAKTABGA TAYYORLASHDA MUHIM AHAMIYAT KASB ETADI.
Bugungi kunda maktabgacha ta'lim sifati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ta'lim muassasalari hamda nodavlat ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom talablari asosida baholanadi. Jumladan, mazkur Nizomning 17-bandiga ko‘ra, attestatsiya jarayonida maktabgacha ta'lim tashkilotlarining oxirgi ikki yillik faoliyatini kompleks tahlil qilishda alohida e'tibor berilishi lozim bo‘lgan masalalar sanab o‘tilgan. Biroq, mazkur talablar maktabgacha ta'lim tashkilotlarining barcha faoliyat yo‘nalishlarini yetarlicha qamrab olmaydi.
Xorijiy mamlakatlarda maktabgacha ta'lim tashkiloti(MTT)ni baholash (ECERS Early Childhood Environment Rating Scales) reyting shkalasidan foydalangan holda amalga oshirilmoqda. Mazkur baholash tizimi Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Shvetsiya, Daniya, Germaniya, AQSh, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda amal qiladi.
Ma'lumot uchun: Mazkur shkala bo‘sh joy va jihozlar, shaxsiy parvarishlash tartiblari, til va savodxonlik, o‘quv faoliyati, o‘zaro aloqalar, dastur tuzilishidan iborat.
Jumladan, bo‘sh joy va jihozlar shkalasi quyidagi baholash indikatorlaridan tashkil topgan:
• xonalar uchun talablar (yorug‘lik, havo harorati, ovozni nazorat qiluvchi jihozlarning mavjudligi, xonaning tozaligi uchun texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganligi, eshiklarning kengligi va h.k);
• g‘amxo‘rlik, o‘yin va o‘rganish uchun jihozlarga qo‘yilgan talablar (mebellar bolalar o‘lchamiga mosligi, o‘yinchoqlarning sochilishi bolalarga xalaqit bermasligi va h.k);
• jihozlarning qulayligi (xonada yumshoq mebellarning mavjudligi, kamida 10 ta yumshoq o‘yinchoqlarning mavjudligi va h.k);
• bolalarning alohida shaxsiy rivojlanishi uchun mo‘ljallangan, nazorat qilish imkoni bo‘lgan joyning mavjudligi;
• bolalar tomonidan tayyorlangan buyumlar, rasmlar uchun joy;
– motorli o‘yinchoqlar va ularni o‘ynash uchun sharoitlar.
Xususan, Qozog‘istonda 2021-yil 15-martdagi Hukumat qarori bilan 2025-yilgacha sohani rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Maktabgacha ta'lim va ta'limni rivojlantirish modeli tasdiqlangan.
Model butun dunyoda keng qamrovli baholash vositasi sifatida qo‘llaniladigan erta bolalik muhiti uchun ECERS reyting shkalasidan foydalangan holda maktabgacha ta'lim sifatining mustaqil milliy bahosini yaratish rejasini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarda mazkur reyting natijalari asosida maktabgacha ta'lim tashkilotlari bilan ishlash yo‘nalishlari belgilanadi. Masalan, AQShda mazkur ECERSni joriy etish maktabgacha ta'lim sinfini baholash natijalari asosida o‘qituvchilarga moliyaviy rag‘batlantirishlar berishni, bola parvarishi uchun turli darajadagi to‘lovlarni belgilashni o‘z ichiga oladi. Ba'zi shtatlarda oilalarga farzandlari uchun tanlagan maktabgacha ta'lim sinfining reytingiga ko‘ra ta'lim yordami beriladi.
Bundan tashqari Maktabgacha ta'lim tashkilotlarini videokuzatuv kameralari bilan jihozlash zarurati mavjud.
Qayd etish kerakki, MTTlarda tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. “Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda mazkur vazifalar maktabgacha ta'lim tashkilotining pedagog va tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha ta'lim tashkilotiga hududiy sog‘liqni saqlash organlari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Biroq, MTT tarbiyalanuvchilarining hayoti va sog‘lig‘iga, sha'ni va qadr-qimmatiga nisbatan tajovuzlar aynan mazkur xodimlarning o‘zlari tomonidan amalga oshirilishi holatlarini ham mavjud. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda respublika bo‘ylab MTTlarda bolalarning qarovsiz qoldirilishi natijasida sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar, xodimlar tomonidan qasddan yetkazilgan jismoniy tan jarohatlari, qiynash, bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, hatto ularning o‘limiga sabab bo‘lish holatlari tez-tez uchrab turibdi.
Ma'lumot uchun: Urganchda 2-sonli MTT tarbiyachisi hamda Bulung‘ur tumanidagi 17-sonli MTT tarbiyachisi tarbiyalanuvchilarni urgani, Samarqandda MTT tarbiyachisi bolalarning qo‘liga igna sanchgani, Namanganda bog‘chada tanasining 70 foizi qaynoq suvdan kuygan bola vafot etganligi, Toshkentdagi xususiy MTTda 3 yoshli bolaning yuzi tibbiy vositalardan kuygani, Farg‘onada MTT tarbiyachisining bolalarini tinchlantirish uchun temir qoshiqdan foydalanib, 4 yoshli bolaning bir ko‘zidan ayrilishiga sababchi bo‘lganligi haqidagi xabarlar yuqoridagi masalaning yanada dolzarb ekanligini tasdiqlaydi.
“Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 12-bandida MTTda tarbiyalanuvchilar xavfsizligini ta'minlash hamda ular uchun zarur sharoitlarni yaratilishini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi mumkin ekanligi belgilangan. Biroq mazkur tartib ixtiyoriy etib belgilangan.
Xorijiy davlatlarda binoni kameralar bilan jihozlash maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun majburiy talab hisoblanadi. Xususan, Janubiy Koreyada “Bolalar parvarishi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, 2015-yil 19-sentyabrdan boshlab bolalar bog‘chalarida yopiq sxemali kuzatuv kameralari o‘rnatilishi majburiy qilib belgilangan. Mazkur qonunga ko‘ra, har bir bolalar bog‘chasi, umumiy o‘yin xonasi, o‘yin maydonchasi, umumiy ovqatlanish, dars qilish xonalarida kamida bitta videokuzatuv moslamasi o‘rnatilishi kerak.
Isroilda 2018-yil dekabr oyida MTTlarda videokuzatuv vositalarini o‘rnatishni majburiyligini nazarda tutuvchi qonun qabul qilingan. Mazkur qonun 2019-yil 1-sentyabrdan kuchga kirganligi munosabati bilan Hukumat 2020-yildan kameralar o‘rnatilish uchun subsidiyalar ajratishini ma'lum qilgan. 2020-yil sentyabridan boshlab barcha bolalar bog‘chalarida litsenziya olish uchun kamera bo‘lishi talab qilinmoqda.
Yana bir asosiy masala sifatida, Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida qo‘shimcha pullik ta'lim-tarbiya xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini kengaytirish zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirining 2019-yil 18-yanvardagi buyrug‘i bilan Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida qo‘shimcha pullik ta'lim-tarbiya xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Mazkur nizomda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘shimcha pullik xizmatlar ro‘yxati keltirilgan. Biroq, mazkur qo‘shimcha pullik ta'lim-tarbiya xizmatlari doirasi chegaralangan va xizmatlardan foydalanuvchilar uchun moslashuvchan emas. Xususan, bolani parvarishlash, unga vaqtinchalik qarab turish, o‘qitish xizmatlari faqat dam olish kunlari yoki ish kuni yakunlangandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Xorijiy davlatlarda mazkur turdagi xizmatlar maktabgacha ta'lim tashkilotlari tomonidan ota-onalarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Masalan, Gongkongda maktabgacha ta'lim tashkilotlarining o‘zida yoki mustaqil tarzda Bolalarni parvarish qilish markazlari (Child Care Centre) tashkil etilgan bo‘lib, ular bola parvarishi bilan bog‘liq qator xizmatlarni taqdim etadi. Xususan, mazkur turdagi markazlarda vaqtinchalik (to‘liq kun, yarim kun yoki ikki soat) bolalarni parvarish qilish xizmati mavjud. Bu xizmat uyda tarbiyalanadigan bolani muayyan vaziyatlarda(ota-onalar, qonuniy vakillarning to‘satdan ishlari chiqib qolganda) bolaga vaqtinchalik qarab turish, ovqatlantirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, tibbiy yordam kabilarni ham o‘z ichiga oladi. Haq to‘lash tartibi soatbay bo‘lib, belgilangan narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Avstraliyada davlat maktabgacha ta'lim muassasalari va bolalarni parvarish qilish markazlari Flexi Care (bolani vaqtincha parvarish qilish) xizmatini kerakli vaqtda va qisqa muddatda buyurtma qilish imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu xizmatga bo‘lgan talabni boshqarish va buyurtma berishni osonlashtirish uchun tegishli ilovalar mavjud. Mazkur ilovalar orqali ota-onalar to‘liq kun, ertalab yoki kunning ikkinchi yarmi uchun vaqtinchalik xizmatlarni buyurtma berish mumkin. Ushbu xizmatlardan foydalanayotgan bolalar MTTga doimiy ro‘yxatga olingan bolalarga taqdim etiladigan barcha imtiyozlardan foydalanadilar.
Rossiya Federatsiyasining xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ham soatbay bolalarga qarash xizmatlari tashkil etilgan bo‘lib, bunday maktabgacha ta'lim muassasalari kamida 11 oylik bo‘lgan bolalarni qabul qiladi.
Shuningdek, Qonunchilikda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini boshqa maktabgacha ta'lim tashkilotlariga ko‘chirishni tartibga soluvchi normalar mavjud emas.
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 16-dekabrdagi “Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonunida MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTlarga ko‘chirish tartibi belgilanmagan. Xususan, mazkur Qonunning
6-bobi bevosita bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda bolalarni boshqa MTTga ko‘chirishga oid normalar mavjud emas. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti”da ham tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga ko‘chirish tartibi keltirilmagan.
Ma'lumot uchun: “Bolalarni davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti”ning eski tahririda boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalarni imtiyozli asosda MTTga qabul qilishga oid normalar mavjud bo‘lgan. Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 319-sonli qarori bilan mazkur toifa chiqarib tashlangan.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda ota-ona (qonuniy vakil)larning ish joyining boshqa hududga o‘zgarishi, o‘qishga qabul qilinganligi, harbiy xizmat munosabati bilan yoki tarbiyalanuvchining xavfsizligi jihatidan boshqa hududga ko‘chish holatlari uchraydi. Biroq, ko‘chib o‘tilgan hududdagi MTTlarga bolalarni qabul qilish bo‘yicha imtiyozli tartibning mavjud emasligi ota-ona (qonuniy vakil)lar uchun turli qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga ko‘chirish tartibi bevosita belgilab qo‘yilgan va mazkur toifadagi bolalarni qabul qilishda ustunlik huquqi ham nazarda tutilgan. Xususan, Finlandiyaning 2018-yil 13-iyulda qabul qilingan “Erta ta'lim to‘g‘risida”gi 540-sonli qonuniga ko‘ra, agar bolaning ota-onasi (qonuniy vakili) ish yoki o‘qishi munosabati bilan boshqa hududga ko‘chadigan bo‘lsa, bu haqda ko‘chib o‘tishdan kamida 2 hafta oldin bola o‘tkaziladigan maktabgacha ta'lim muassasini belgilangan tartibda xabardor qilishi va mazkur muassasa esa bolani qabul qilish uchun tegishli choralarni ko‘rishi lozim.
Litvada “Bir maktabgacha ta'lim muassasasidan boshqasiga navbatsiz qabul qilish va o‘tkazish tartibi” belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, boshqa hududdagi muassasada mehnat shartnomasi bo‘yicha kamida 6 oy ishlashi kutilayotgan xodimlarning farzandlari boshqa maktabgacha ta'lim muassasasiga navbatciz o‘tkaziladi.
Belorus Respublikasida 2022-yil 9-avgustda Vazirlar Mahkamasining “Ta'lim oluvchilarni muassasalarga qabul qilish, ko‘chirish, o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash to‘g‘risida”gi 516-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur qaror MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga ko‘chirish masalalarini ham qamrab oladi.
Rossiya Federatsiyasi “Maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilarini qabul qilish, ko‘chirish, o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash to‘g‘risida”gi nizomda tarbiyalanuvchilarni boshqa MTTga ko‘chirish tartibi to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilangan. Mazkur hujjatda MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga ko‘chirish asoslari, tartibi, ko‘chirishda kerak bo‘ladigan hujjatlar ro‘yxati batafsil keltirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi takliflar ilgari suriladi:
• respublikamizdagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarini ECERS reyting shkalasidan foydalangan holda baholash amaliyotini joriy qilish;
• maktabgacha ta'lim tashkilotlarni videokuzatuv kameralari bilan jihozlash;
• davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida qo‘shimcha pullik ta'lim-tarbiya xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini yanada kengaytirish, MTTlarda vaqtinchalik (to‘liq kun, yarim kun yoki ikki soat) bolalarni parvarish qilish xizmatini joriy qilish;
– qonunchilikda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini boshqa maktabgacha ta'lim tashkilotlariga ko‘chirishni tartibga soluvchi normalarni mustahkamlash, MTT tarbiyalanuvchilarini alohida holatlarda, jumladan, ish joyining boshqa hududga o‘zgarishi, o‘qishga qabul qilinganligi, harbiy xizmat munosabati bilan yoki tarbiyalanuvchining xavfsizligi jihatidan boshqa hududdagi MTTga ko‘chirishda imtiyozlarni nazarda tutish.
Abdulaziz Kazimbayev
Yangiyo'l shahar Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti