Янгиликлар
MAMLAKATIMIZDA HUQUQIY MUNOSABATLAR FUQAROLIK QONUNCHILIGI BILAN TARTIBGA SOLINGAN
MAMLAKATIMIZDA HUQUQIY MUNOSABATLAR FUQAROLIK QONUNCHILIGI BILAN TARTIBGA SOLINGAN
Qadimgi antik davrlardan boshlab inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik instituti bo‘lgan. Ya'ni dastlab yetkazilgan zarar uchun xun (qonga qon – jonga jon) olingan bo‘lsa, sivilizatsiyaning rivojlanib borishi natijasida xun o‘rniga tovon undirish tizimi joriy etila boshlangan. Ya'ni jabrlanuvchi yoki uning yaqinlari aybdordan ma'lum miqdorda pul undirishgan. Kishilik jamiyati taraqqiy etganidan keyin ushbu munosabatlar ma'lum bir huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.
Delikt majburiyat hisoblangan mazkur huquqiy munosabatlar mamlakatimizda fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solingan.
Fuqarolik kodeksida sog‘liqqa yetkazilgan zarar va uni qoplashning doirasi, deganda qanday holatlarni tushunish mumkinligi va u nimalardan iborat ekanligi yoritib berilgan.
Fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar bilan bog‘liq tarzda vujudga keladigan majburiyat munosabatlarini shartli ravishda ikki turga ajratish mumkin. Birinchi fuqaroning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni undirish bilan bog‘liq munosabatlar bo‘yicha javobgarlik, ikkinchisi, fuqaroning vafot etishi oqibatida boquvchisini yo‘qotganlik uchun yetkazilgan zararni undirish bilan bog‘liq.
Yuqorida sanab o‘tilgan majburiyat munosabatlari, yuz beradigan oqibatlari va huquqiy tartibga solinish asoslariga ko‘ra bir-biridan ancha farq qiladi.
Birinchi majburiyat huquqiy munosabatda fuqaroning sog‘lig‘iga zarar yetkazilganda zarar yetkazuvchi shaxsning aybi bilan u faqat ma'lum bir mehnat qobiliyatini yo‘qotadi, ya'ni mehnat unumdorligi darajasi o‘zi xohlamagan holda majburiy tarzda pasayadi. Bunday holatda fuqaroda qonunchilikka muvofiq sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplashni talab qilish huquqlari paydo bo‘ladi.
Qonunga ko‘ra, fuqaro mayib qilinganda yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganda jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin bo‘lgan yo‘qotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek, salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan xarajatlari, jumladan, davolanish, qo‘shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qo‘ydirish, birovning parvarishida bo‘lish, sanatoriy-kurortda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga tayyorgarlikdan o‘tish xarajatlari, agar jabrlanuvchining ana shu yordam va parvarish turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, o‘rni qoplanishi lozimligi belgilangan.
Fuqaroning sog‘lig‘iga zarar yetkazilganida u buning natijasida kundalik (vazifasini bajarolmasligi) ishini davom ettira olmasligi oqibatida ilgari olib kelgan yoki kelajakda ishlab topishi mumkin bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlaridan to‘liq yoki qisman mahrum bo‘lib qolishini tushunish lozimdir.
Mazkur holatda moddiy zarar deganda fuqaroning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni da'volash va uni tiklash uchun haqiqatda o‘zining hisobidan qilgan moddiy xarajatlarini tushunish kerak. Ya'ni jabrlangan fuqaroda, ya'ni jismoniy shaxsda sog‘lig‘ini (tanasi, organizmining olgan moddiy jarohatlarini) tiklash uchun xarajatlar qilish zaruriyati vujudga keladi. Albatta bular (davolanish, qo‘shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qo‘ydirish, birovning parvarishida bo‘lish) bepul tarzda amalga oshirilmaydi, ya'ni sog‘liqni tiklash ishlari ma'lum bir to‘lov va xarajatlarni talab qiladi.
Ikkinchi majburiyat, bu – fuqaroning hayotiga, yashashga bo‘lgan huquqiga zarar yetkazish bilan bog‘liqdir. Mazkur holatda aybdor shaxs tomonidan g‘ayriqonuniy tarzda boshqa bir jismoniy shaxsni yashash huquqidan mahrum qilish oqibatida, ya'ni fuqaroning vafot etishi oqibatida uning qaramog‘ida bo‘lgan va moddiy tomondan ularni ta'minlab kelgan shaxslarga aybdordan boquvchisini yo‘qotganlik natijasida yetkazilgan zarar o‘rnini qoplatishdir. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1009-moddasida bunday huquqqa ega bo‘lgan shaxslar va ularning doirasi belgilab berilgan.
Boquvchisining vafoti oqibatida yetkazilgan zararni undirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning marhum bilan bo‘lgan qarindoshlik aloqalari O‘zbekiston Respublikasi Oila qonunchiligida belgilab berilgan normalardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Fuqarolik qonunchiligi talablari asosida aybdor shaxs o‘zi sodir etgan huquqbuzarlik oqibatida vafot etgan jabrlanuvchining oila a'zolariga yoki oila a'zosiga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga, shuningdek, jabrlanuvchi vafot etganligi tufayli ko‘rilgan zarar uchun dafn etishga zarur bo‘lgan xarajatlar o‘rnini bu xarajatlarni qilgan shaxslarga qoplab berishga majburdir.
Qonunchilikda marhumning yaqinlari fuqaroning vafoti sababli davlatdan olgan yoki olishga haqli bo‘lgan dafn etish nafaqasi aybdor shaxs to‘lashi yoki qoplashi lozim bo‘lgan to‘lovlarning hisobiga kiritilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Delikt majburiyat bo‘lgan hayot va sog‘liqqa yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash bilan bog‘liq majburiyatlar uzoq davomiylikka ega bo‘lgan munosabatlar hisoblanadi. Shu bois, vaqt o‘tishi bilan to‘lanadigan summalar ham inflyasiya va narxlarning oshishiga qarab indeksatsiya qilib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash instituti huquqlarni himoya qilishning eng muhim fuqarolik-huquqiy vositasi hisoblanadi.
Abdulaziz Kazimbayev
Yangiyo'l shahar Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti