Янгиликлар
MEHNAT INTIZOMI VA INTIZOMIY CHORALAR
MEHNAT INTIZOMI VA INTIZOMIY CHORALAR
Mehnat qonunchiligida har bir jamoada mehnat intizomi bosh omillardan ekanligi aniq ifodalab berilgan. Intizomni buzish esa qonunbuzarlikdir. Xo‘sh, mehnat jamoasida tartibni saqlash uchun nimalarga e'tibor beriladi va tartibbuzarlarga nisbatan qanday choralar ko‘riladi?
Har bir tashkilot, korxona va muassasalarda mehnat intizomiga rioya qilishni va mehnat tartibini belgilovchi asosiy hujjat bu “Ichki mehnat tartibi” qoidasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 174-moddasida korxonada mehnat tartibi ish beruvchi kasaba uyushma qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlaydigan “Ichki mehnat tartibi qoidalari” bilan belgilanishi ta'kidlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida mehnat intizomini buzgan xodimga nisbatan qanday intizomiy choralari belgilangan, uning 181-moddasiga ko‘ra ish beruvchi, ya'ni tashkilot rahbari xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun “hayfsan”, “o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima” (Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima solish hollari ham nazarda tutilishi mumkin), “mehnat shartnomasini bekor qilish” (100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari) kabi intizomiy jazo choralari qo‘llashga haqlidir. Ushbu moddada nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llash taqiqlanadi.
Ish beruvchi tomonidan xodimga intizomiy jazo chorasini qo‘llanish tartibiga to‘xtalib o‘tsak, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 182-moddasida intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar tomonidan, ya'ni ish beruvchi (tashkilot rahbari timsolida) tomonidan qo‘llaniladi.
Intizomiy jazo qo‘llanishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning ilgari sodir qilgan nojo‘ya xatti-harkati uchun jazo qo‘llashga to‘siq bo‘la olmaydi. Intizomiy jazoni qo‘llanishda sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatning qay darajada og‘ir ekanligi, shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
Har bir nojo‘ya xatti-harakati uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin. Intizomiy jazo bevosita nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki ta'tilda bo‘lgan vaqtini hisobga olmasdan, uzog‘i bilan bir oy ichida qo‘llaniladi. Nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab olti oy o‘tganidan keyin, moliya-xo‘jalik foliyati taftish etish va tekshirish natijasida aniqlanganda esa, nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab ikki yil o‘tganidan keyin intizomiy jazoni qo‘llab bo‘lmaydi. Jinoiy ish bo‘yicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi.
Intizomiy jazo berilganligi to‘g‘risidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma'lum qilinib, tilxat olinadi.
Shu qatorda ish beruvchida va intizomiy jazo olgan xodimda “intizomiy jazoning amal qilish muddati qancha bo‘ladi” degan savol tug‘ilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 183-moddasida intizomiy jazoning muddati jazo qo‘llanilgan kundan boshlab bir yildan oshmasligi belgilangan. Agar xodim shu muddat ichida yana intizomiy jazoga tortilmasa, u intizomiy jazo olmagan, deb hisoblanadi. Bir yillik muddat tugaganidan keyin intizomiy jazo o‘zining yuridik ahamiyatini yo‘qotadi va intizomiy jazoni olib tashlash to‘g‘risida biron bir maxsus buyruq chiqarish talab qilinmaydi.
Intizomiy jazoni qo‘llagan ish beruvchi o‘z tashabbusi bilan, xodimning iltimosiga binoan, mehnat jamoasi yoki xodimning bevosita rahbari iltimosiga ko‘ra jazoni bir yil o‘tmasdan oldin ham olib tashlashga haqli. Intizomiy jazo muddatidan oldin olib tashlansa, bu xodim intizomiy jazo olmagan hisoblanadi.
Ish beruvchilarda intizomiy jazosi bor xodimni rag‘batlantirish mumkin-mi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bunga quyidagicha javob berishimiz mumkin: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 180-moddasi 4-bandida intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida, ya'ni ushbu Kodeksning 183-moddasida belgilangan muddatda xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilmaydi. Ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlariga kirmasligi belgilangan.
Ushbu maqola bilan tanishish jarayonida intizomiy jazo olgan xodimlarda quyidagi savol tug‘ilishi mumkin: ish beruvchi tomonidan qonunga xilof ravishda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsa, qanday harakat qilish lozim, qaerga o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida murojaat qilishlari mumkin?
Ish beruvchi tomonidan xodimga qonunga xilof ravishda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganda, xodim intizomiy jazo ustidan tashkilotda tashkil qilingan mehnat nizolari komissiyasiga, yakka mehnat nizolarini qo‘rish uchun belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Agar xodimning ish joyida mehnat nizolari komissiyasi tuzilmagan bo‘lsa, bevosita hududiy fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilishlari mumkin.
Gazetxonlarda intizomiy jazo tariqasida jarima qo‘llanilsa, xodimning ish haqidan majburiy tartibda ushlab qolish mumkinmi, degan savoli tug‘ilishi mumkin. Ushbu savolga quyidagicha javob beramiz: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 164-moddasi talablariga rioya qilingan holda ish beruvchi tomonidan xodimning roziligisiz uning ish haqidan, ish beruvchi, ya'ni tashkilot rahbarining rasmiylashtirilgan buyrug‘iga asosan jarima ushlab qolinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasida intizomiy jazo sifatida mehnat shartnomasini bekor qilish chorasi, ya'ni mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish ( O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 100-modda, 2-qism 3 va 4-bandlari) alohida mavzu bo‘lganligi sababli ro‘znomaning keyingi sonlarida kenroq yoritib beramiz.
Hurmatli tumanimiz ish beruvchilari va fuqarolari!
Sizlarda mehnat qonunchiligi va mehnatga oid qonun hujjatlari bo‘yicha savollaringiz bo‘lsa Bulung‘ur tumani Aholi bandligiga qo‘maklashish markazi Davlat mehnat-huquq inspektoriga murojaat qilishingiz mumkin.
Abdulaziz Kazimbayev
Yangiyo'l shahar Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti