Янгиликлар
OMBUDSMAN INSTITUTINING ASOSIY FAOLIYAT YO‘NALISHLARI
OMBUDSMAN INSTITUTINING ASOSIY FAOLIYAT YO‘NALISHLARI
Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdir. Har qanday mamlakatdagi Ombudsman faoliyati samaradorligini bevosita unga yuborilayotgan murojaatlar statistikasi va ularning hal etilishini tahlil qilish orqali o‘rganish mumkin.
Chunki Inson huquqlari bo‘yicha vakilga xalqning ishonchi bo‘lsagina murojaatlar yuboriladi. Shu nuqtai nazardan, “Ombudsman xalq bilan muloqotga kirisha olyaptimi?” degan savolingizga Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar sonining ortib borayotgani nuqtai nazaridan “Ha” deb javob berish mumkin.
Qolaversa, Ombudsman faoliyati bo‘yicha jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida hal etilgan murojaatlar haqidagi xabarlar, rasmiy munosabatlar, Ombudsman tomonidan ko‘tarib chiqilayotgan muammoli masalalar, monitoring tashriflari, sayyor qabullar, fuqarolar qabuli va boshqa yo‘nalishlardagi saʼy-harakatlarimizga oid xabarlar saytimizda va OAVda eʼlon qilib borilishi ham aholining Ombudsman faoliyatidan keng xabardor bo‘lish imkonini bermoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga fuqarolar Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlari tomonidan muntazam ravishda haftaning besh kunida (dushanbadan jumagacha) o‘tkazib kelayotgan qabullari orqali murojaat qilishmoqda.
Qolaversa, “Ishonch telefoni”, pochta xizmati, elektron pochta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi hamda www.pm.gov.uz internet portali orqali ham murojaatlarni qabul qilinadi.
Xabaringiz bor, 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni bilan Ombudsmanning hududlardagi faoliyati yana-da kuchaytirildi. 2022 yilning 1 yanvaridan buyon Obudsmanning mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yuritmoqda. Bu aholi muammolari va masalalarining bevosita joyida tezkorlik bilan hal etilishiga xizmat qilmoqda. Ombudsman.uz saytimizda hozirda 12 ta hududda faoliyat yuritayotgan Ombudsman mintaqaviy vakillari, qabul kunlari, telefon raqami va manzillari ko‘rsatilgan. Avvallari, Ombudsmanning doimiy asosda ishlaydigan hududlardagi vakillari bo‘lmagani bois murojaatni joyiga chiqib o‘rganish imkoniyati chegaralangan edi.
Hozirgi kunda mintaqaviy vakillarimiz chekka-chekka hududlarga ham borib, sayyor qabullar tashkil etishmoqda, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirishmoqda, jamoaviy va yakka tartibdagi uchrashuvlar o‘tkazib kelinyapti. Jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, manzil-koloniyalariga ham “Ombudsman qutilari” o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali mahkum va mahbuslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ombudsmanga murojaat qilishi mumkin. Chunki bu qutilarni Ombudsman vakilidan boshqa hech kim ocha olmaydi.
Ombudsman nazoratiga olingan murojaatlarning qay tartibda ko‘rib chiqilishiga kelsak, ularni hal etish bo‘yicha tegishli davlat idoralari va tashkilotlarga murojaat qilingandan so‘ng, uning natijasi bo‘yicha bizni xabardor etishadi. Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi xodimlari esa maʼlumotni tasdiqlash uchun murojaat muallifi bilan bog‘lanishadi. Baʼzi hollarda sud qarorlarining vaqtida ijro etilmayotgani, hokim qarorlari bajarilmay qolgani kabi holatlar ham uchrab turadi. Shunday hollarda yana tegishli davlat idoralari masʼullariga aloqaga chiqishga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, Ombudsman fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan vazirlik va idoralarga xulosa hamda taqdimnoma, sudlarga fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab ariza va daʼvolar kiritish huquqidan ham samarali foydalanib kelmoqda. Murojaatchilardan sud jarayonlarida Ombudsman vakilining ishtirok etishini so‘rab yozilgan arizalar ham ko‘p keladi. O‘tgan yildan boshlab, murojaatlarni Ombudsman ofisiga murojaatchi va tegishli davlat tashkiloti xodimini chaqirib, ko‘rib chiqish amaliyotini ham joriy qilganmiz. Va hozirgi kunda ham murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda aholi uchun qulayliklar yaratish ustida ishlanmoqda.
Shuningdek, murojaatlar tahlili asosida Parlamentga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar berilmoqda.
Eʼtibor bering, Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari tahlili aholining mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan bexabar ekanliklarini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, Ombudsman instituti tomonidan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilindi va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat bo‘lgan sohalar tanlab olindi.
Shu asosda biz yangi “Ombudsman maktabi” loyihasini yo‘lga qo‘yildi. Bu loyihani amalga oshirishdan maqsad — aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar yuzasidan xabardorligini oshirishdan iborat.
Yangiyo’l shahar yuridik xizmat ko’rsatish bosh yuristkonsuli Muzallamov Muhiddin Odiljon o‘g‘li