Янгиликлар
INSON HUQUQLARINI KAFOLATLASH BORASIDAGI MUHIM QADAM
INSON HUQUQLARINI KAFOLATLASH BORASIDAGI MUHIM QADAM
Inson qadr-qimmati, shaʼni, g‘ururi, manfaatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin, uni taʼminlash, huquqini amalda kafolatlash, Davlat rahbari taʼbiri bilan aytganda adolatni qaror toptirish masalasi anchayin murakkab va zalvorli vazifa. Chunki, hech bir davlat shu paytgacha o‘z fuqarolari erkinligini mutlaq kafolatlash mumkin bo‘lgan biror bir mexanizm yoki formula ishlab chiqqan emas.
Balki kimlardir uchun bu imkonsizdek tuyular, lekin, bir narsa aniq. Insoniyat takomillashuvga sekin-astalik bilan, o‘qish, izlanish, tajriba va hayot zarbalaridan olingan saboqlarda toblanibgina erishadi.
Joriy yilning 22 fevral kuni yurtboshimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida “Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qatʼi nazar, ular uchun jazo muqarrardir” deb taʼkidladilar. Ushbu so‘zlar esa, O‘zbekiston inson huquqlarini kafolatlash yo‘lida komillik sari dadillik bilan ildamlayotganini bildiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” tasdiqlanishi ham mamlakat hayotidagi muhim voqea bo‘ldi. Mazkur hujjat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi”, qolaversa, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari hamda shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalarini va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Farmonga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning normalari talablarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga aʼzo bo‘lgani ham davlatimiz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qatʼiy bel bog‘laganidan dalolatdir.
Davlat rahbari kuni kecha dunyoning eng nufuzli inson huquqlari himoyachisi bo‘lgan tashkilot minbaridan turib, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilinishi va bu borada hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus maʼruzachini O‘zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bildirdi. Bu esa O‘zbekiston xalqaro maydonda ochiqlik siyosatini ilgari surayotganidan dalolat.
Inson huquqlarini taʼminlanishi borasida 75 yildan buyon davlatlarning mana shu sohalarda olib borayotgan ishlarini kuzatib, tahlillar asosida ularga o‘z tavsiyalarini berish bilan shug‘ullanuvchi ushbu nufuzli tashkilotning tajriba va salohiyati, o‘ylaymanki, bizga as qotadi.
Yangiyo’l shahar yuridik xizmat ko’rsatish bosh yuristkonsuli Muzallamov Muhiddin Odiljon o‘g‘li