Янгиликлар
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlanadi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlanadi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi 248-son qarori bilan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning” ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari joriy yilning 1 avgustidan boshlab ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolar quyidagilar hisoblanadi:
· nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar, OIV infeksiyasiga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar hamda 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
· davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar;
· bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalar;
· yoshidan qat’i nazar ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
· davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli bo‘lmagan a’zolari.
Ularga davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladi. Nafaqa puli nafaqa yetkazib berish yuklangan tashkilot tomonidan to‘lanadi.
Nafaqalar tayinlash tasdiqlangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Murojaat qiluvchi davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganidan so‘ng 5 daqiqa mobaynida, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. Murojaat qilgan shaxsning ma’lumoti o‘rganilgandan so‘ng vakolatli organ tomonidan 5 daqiqa mobaynida nafaqa tayinlash yoki uni rad etish xaqida qaror qabul qilinadi. Bu xaqida ma’lumot tegishli davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga elektron tarzida yuboriladi.
Quyidagilar davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
· murojaat qiluvchilar tomonidan so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlarning ko‘rsatilishi;
· so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlashning rad etilishi.
J.Ahmedov
Chinoz tuman adliya bo’limi
davlat xizmatlari
markazi bosh mutaxassisi