Янгиликлар
Jamiyatimizda ayollarga qanday imtiyozlar borligini bilasizmi?
Jamiyatimizda ayollarga qanday imtiyozlar borligini bilasizmi?
Oilalarimiz chirogʻi va charogʻboni boʻlgan ayollarga ehtirom koʻrsatish, ularni eʼzozlash, asrab-avaylash azaldan milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi boʻlib kelgan. Yurtimizda xotin-qizlarga hurmat-ehtirom koʻrsatish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatdagi oʻrni va ishtirokini mustahkamlash, qiziqish va intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash borasida muayyan ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
Qonunchiligimizga binoan; Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million soʻmgacha kreditlar ajratiladi.
Buning uchun ayollar:Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi maʼqullangan dasturlar asosidagi oʻquv kurslarini, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga oʻqitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat taʼlim muassasalarining kasbga oʻrgatish oʻquv kurslarining maxsus oʻqitish dasturlarini tugatgan boʻlishlari zarur.
Shuningdek, Ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalariga kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun, kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlarga, toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarga, turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga, nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga, 2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolgʻiz ayollarning qiz farzandlariga, ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlariga elektron shaklda murojaat qilganida tavsiyanoma beriladi.
Amaldagi qonunchilikka koʻra; “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga 5 mln soʻmgacha kreditlar naqd berilishi mumkin boʻlib, umuman olganda, “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar, tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar, boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar, uy-joyga muhtoj xotin-qizlar va qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandlari bor ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.
Ishlaydigan onalarga bolani ovqatlantirish uchun quyidagi hollarda tanaffus beriladi:
- 2 yoshga toʻlmagan bolali ayollarga bolani ovqatlantirish uchun oʻziga berilgan dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam boʻlmagan miqdorda tanaffus berilsa, 2 yoshga toʻlmagan ikki va undan koʻp bolali ayollarga tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanib, ushbu tanaffuslar uchun ish haqi kamaytirilmaydi.
Shuningdek, bolali ayolning xohishiga koʻra tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qoʻshib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining boshiga yoki oxiriga koʻchirilib, ish kuni shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.
Qonunchilikda belgilanishicha, Xotin-qizlar nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqiganda qilgan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan ortiq boʻlmagan xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning bolalari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ustunlik bilan imtiyozli roʻyxat asosida qabul qilinish huquqiga ega.
Shuningdek, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berilib, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga beriladigan arzon uy-joylar toʻlovining 10 foizi Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi, talabgor ishlayotgan tashkilot va boshqa manbalar hisobiga boshlangʻich badal sifatida toʻlab berilsa, 90 foizi banklarning imtiyozli kreditlari hisobiga qoplanadi.
Bunda arizalar tuman hokimi boshchiligidagi hududiy komissiyaga beriladi.
Qonunchilikka koʻra, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan boʻlib, mazkur koʻkrak nishoni bilan jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan va sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar taqdirlanadi.
Bundan tashqari, 12 yoshga toʻlmagan ikki va undan koʻp bolasi yoki 16 yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam boʻlmagan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil berilib, ularning xohishiga koʻra har yili 14 kalendar kundan kam boʻlmagan ish haqi saqlanmagan taʼtil beriladi. Bunday taʼtil yillik taʼtilga qoʻshib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 585-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning oliy taʼlim olishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida” gi nizomda magistraturada oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qoplab berish tartibi belgilangan boʻlib, magistraturada toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt summasini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibi tasdiqlangan. Buning uchun talabgorlar 15-sentyabrga qadar oʻzlari taʼlim oladigan muassasa rektori nomiga ariza bilan murojaat etishlari talab qilinadi.
Shuningdek, hukumat qarori bilan har bir hududdan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz 100 nafar ayollarning toʻlov-kontrakti hokimliklar tomonidan har yili toʻlab beriladi. 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi oʻquv yilida bepul oʻqitilishi belgilangan.
Qonunchiligimizga koʻra, 2 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmaganida bolasi 2 yoshga toʻlgungacha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli ishga oʻtkazilib, bunda avvalgi ishidagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, qonunchiligimizda, homilador ayollar, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarga, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining hamda oliy oʻquv yurtlarining tegishli taʼlim muassasasini tamomlagan kundan eʼtiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilarga va xodim bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilgan hollarda dastlabki sinovsiz ishga qabul qilinadi.
Shu kabi, davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi taʼminlanib, davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning maʼlumoti va kasbiy tayyorgarligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi.
Shuningdek, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni yaʼni shtati yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan ayollar 53 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 20 yil boʻlganda pensiya olish huquqiga ega boʻladi.
Amaldagi qonunchiligizda, 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilinishi belgilangan boʻlib, bunga koʻra Hukumat qarori bilan kollej yoki texnikum diplomidagi mutaxassisligi boʻyicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar kontrakt asosida OTMga qabul qilinadi. Bunda tavsiyanomaga ega abituriyentlar orasida alohida test oʻtkaziladi, ular orasidan yuqori ball toʻplagan 500 nafari OTMga qabul qilinadi.
Bundan tashqari, Prezident qaroriga koʻra, Oliy taʼlim hamda oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik taʼlim kreditlari ajratiladi. Bunda foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamgʻarmasi qoplab beradi. Xotin-qizlar esa asosiy qarzni oʻqishni tamomlagach, 7 yil davomida toʻlaydi.
Bugungi kunda nogironlarga alohida eʼtibor qaratilib, mehnatga layoqatli nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravari yaʼni 600 ming soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova