Янгиликлар
Tibbiyot xodimi faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Tibbiyot xodimi faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, uni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini, shoshilinch tibbiy yordamni va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar tarmogʻini oʻz ichiga oluvchi uch bosqichli milliy tibbiyot modeli yaratildi, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligini, sifatini va qulayligini oshirish taʼminlanmoqda.
Shu bilan birga, oxirgi paytlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari koʻpayib bormoqda. Bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sogʻligʻi yomonlashishida yoki oʻlimida asossiz ravishda ayblash, shuningdek hech bir sababsiz shifokorlarga va oʻrta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari yuz bermoqda.
Biroq Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi amaldagi kodeksida xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan qonunga xilof ravishda turli shakllarda taʼsir oʻtkazganlik, shuningdek tibbiyot xodimlarining tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri maʼmuriy javobgarlik belgilanmagan.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasining 27-mart 2023-yilda qabul qilingan Qonuniga asosan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritilib, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilovchi yangi modda bilan toʻldirilmoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olishga, shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga oʻz vaqtida va sifatli tibbiy yordam koʻrsatilishiga xizmat qiladi.
Mazkur qonunga koʻra, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda taʼsir oʻtkazish, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (1,5 mln soʻmdan 2,1 mln soʻmgacha), mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha (2,1 mln soʻmdan 3 mln soʻmgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova