Янгиликлар
Bitimlar tushunchasi
Bitimlar tushunchasi
Bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi.
Bitim turlari
Bitimlar bir taraflama, ikki taraflama yoki ko‘p taraflama (shartnomalar) bo‘lishi mumkin.
Bitim tuzish uchun qonunchilikka yoki taraflarning kelishuviga muvofiq bir tarafning xohishi zarur va yetarli bo‘lsa, bunday bitim bir taraflama bitim hisoblanadi.
Shartnoma tuzish uchun ikki taraf (ikki taraflama bitim) yoki uch yoxud undan ko‘p taraf (ko‘p taraflama bitim) kelishib xohish bildirgan bo‘lishi kerak.
Bir taraflama bitimlarni huquqiy tartibga solish
Bir taraflama bitim uni tuzgan shaxs uchun burchlar keltirib chiqaradi. U boshqa shaxslar uchun qonun hujjatlarida yoki bu shaxslar bilan kelishuvda belgilangan hollardagina burchlar keltirib chiqarishi mumkin.
Bir taraflama bitimlarga nisbatan, basharti qonunchilikka, bitimning tabiati va mohiyatiga zid bo‘lmasa, majburiyatlar va shartnomalar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar tegishincha qo‘llaniladi.
Shartli bitimlar
Agar taraflar huquq va burchlarning kelib chiqishini yuz berishi yoki bermasligi noma’lum bo‘lgan holatga bog‘liq qilib qo‘ysalar, bitim kechiktirish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi.
Agar taraflar huquq va burchlarning bekor bo‘lishini yuz berishi yoki bermasligi noma’lum holatga bog‘liq qilib qo‘ysalar, bunday bitim bekor bo‘lish sharti bilan tuzilgan bitim hisoblanadi.
Agar shartning yuz berishiga uning yuz berishidan manfaatdor bo‘lmagan taraf insofsizlik bilan qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa, bu shart yuz bergan deb hisoblanadi.
Agar shartning yuz berishiga ushbu shartning yuz berishidan manfaatdor bo‘lgan taraf insofsizlik bilan yordamlashgan bo‘lsa, bu shart sodir bo‘lmagan hisoblanadi.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi boshlig‘i I.Noyobov