Янгиликлар
O‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
O‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Garchi muomalaga layoqatli bo‘lsa-da, biroq bitim tuzish vaqtida o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan holatda bo‘lgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim shu fuqaroning yoki huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari bunday bitimni tuzish natijasida buzilgan boshqa shaxslarning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Keyinchalik muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimni, agar bitimni tuzish paytida fuqaro o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaganligi yoki ularni boshqara olmaganligi isbotlangan bo‘lsa, uning vasiysi qilgan da’voga muvofiq sud haqiqiy emas deb topishi mumkin.
Agar bitim ushbu modda asosida haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa, Fuqarolik Kodeksi 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, bitim tuzish paytida o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmagan yoki ularni boshqara olmagan tarafga ikkinchi taraf, agar u o‘zi bilan bitim tuzgan fuqaroning bunday holatda ekanligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, qilingan xarajatlarni, yo‘qotilgan mol-mulkning yoki unga yetkazilgan shikastning haqini to‘lashi kerak.
Yanglishish ta’sirida tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Jiddiy ahamiyatga ega bo‘lgan yanglishish ta’sirida tuzilgan bitim yanglishish ta’sirida harakat qilgan tarafning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bitimning tabiati, uning narsasining o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanish imkoniyatini ancha pasaytiradigan o‘xshashligi yoki sifati haqida yanglishish jiddiy ahamiyatga egadir. Bitimning sabablari xususida yanglishish jiddiy ahamiyatga ega emas.
Bundan tashqari, o‘z da’vosiga ko‘ra bitim haqiqiy emas deb topilgan taraf yanglishish ikkinchi tarafning aybi bilan yuz berganligini isbotlay olsa, ikkinchi tarafdan o‘ziga yetkazilgan haqiqiy zararni to‘lashni talab qilishga haqli. Agar bu hol isbotlanmasa, o‘z da’vosiga ko‘ra bitim haqiqiy emas deb topilgan taraf ikkinchi tarafning talabi bilan, basharti hatto yanglishish yanglishgan tarafga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra yuz bergan bo‘lsa ham, yetkazilgan haqiqiy zararni unga to‘lashi shart.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi boshlig‘i I.Noyobov