Янгиликлар
Endilikda “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etiladi
Endilikda “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etiladi
Yoshlar deb, 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar hisoblansa, sport — oʻyin — jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi, jismoniy tarbiya vositasi va usuli, jismoniy mashqlarniit turli majmualari boʻyicha musobaqalar tashkil etish, tayyorlash va oʻtkazish tizimi. Sportning maqsadi kishilarning sogʻligʻini mustahkamlash va umumiy jismoniy rivojlantirish bilan birga Sport musobaqalarida yuqori natija va gʻalabalarga erishish boʻlsa, yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplaridan biri yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishdan iboratdir.
Shuningdek, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari deb, yoshlarga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish, bepul umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim olish,
davlat taʼlim muassasalarida davlat grantlari doirasida bepul kasb-hunar va oliy taʼlim olish hisoblanadi.
Muhtaram prezidentimiz tomonidan joriy yilning 7-aprelida “Maʼmuriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Yoshlar siyosati va sport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hamda tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanib, 2023–2024-yillarda “Yoshlar daftari” tizimi orqali yoshlarga koʻrsatiladigan ijtimoiy-iqtisodiy xizmat turlari 1,5 barobargacha oshirilishi, yoshlarga ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlarni koʻrsatishda ularning iqtidoridan unumli foydalanishga qaratilgan ijtimoiy shartnomalar amaliyoti joriy etilishi, davlat organlari va tashkilotlarining yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi “Yoshlar balansi” asosida yoshlarning ijtimoiy holati, qiziqishi va muammolarining xususiyatidan kelib chiqib yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.
Shuningdek, qaror bilan 2024-yil 1-yanvargacha sport sohasini raqamlashtirish boʻyicha 24 ta yoʻnalishdagi axborot tizimlarini oʻz ichiga olgan “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushirilishi, bunda sport sohasidagi harajatlar tizimda shaffof va ochiq tarzda aks ettirilishi, joylarda barpo etiladigan tegishli sport obyektlari va inshootlarining kamida 30 foizi mazkur elektron tizim orqali ushbu hududda yashovchi aholi tomonidan ovoz berish yoʻli bilan aniqlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, 2023-yil 1-iyuldan boshlab, sportchi identifikatsiya kartalari uchun toʻlovlar miqdori uch barobarga kamaytirilib, ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilandi.
Ushbu qarorga asosan, “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etilib, bunda - stipendiya miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravari etib belgilanib, mazkur stipendiya tayinlangan sportchilarga Prezidentning 8-iyun 2020-yildagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarorida belgilangan tartibda oʻzini oʻzi band qilish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, qaror bilan 2024-yil 1-martdan sport turlari boʻyicha oʻtkaziladigan rasmiy musobaqalar, Oʻzbekiston chempionati va kubogida ishtirok etishi uchun sportchilarning mansubligi va ularning malakasini identifikatsiya kartalari (ID-karta) orqali aniqlash tartibi joriy etiladi.
Mazkur qarorga koʻra, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari, olimpiya va paralimpiya sport turlari (yosh toifalari) boʻyicha jahon chempionatlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan trenerlarni Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish miqdorlari tasdiqlandi.
Prezident qaroriga koʻra, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasiga idoraviy mansub boʻlgan tibbiyot muassasalarida umrbod bepul tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi beriladi.
Asosiy maqsad – yoshlarning istagini, ehtiyojini, ertangi kunini taʼminlash, maʼnaviy-maʼrifiy rivojlantirish, bandligini taʼminlash hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdir.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova