Янгиликлар
Oilaviy zoʻravonlik - jamiyat dardi.
Oilaviy zoʻravonlik - jamiyat dardi.
Ayolga nisbatan ayniqsa turmush oʻrtogʻi tomonidan zoʻravonlikning qayd etilishi sogʻliqni saqlash va inson huquqlari buzilishi yoʻlidagi jiddiy muammodir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida oʻz umr yoʻldoshi tomonidan jismoniy tazyiq oʻtkaziladi.
Bizning mamlakatimiz qonunchiligida “oilaviy zoʻravonlik” atamasiga izoh berilmagan. Ammo xalqaro miqyosda bu termin keng qoʻllanadi. Chunki, oilaviy zoʻravonlik faqat bir mamlakat va millatga xos illat emas, u bilan butun dunyo kurashib keladi. Shuning uchun taʼrifni xalqaro miqyosda keltiramiz.
Yaʼni oilaviy zoʻravonlik – oilaning bir aʼzosiga nisbatan boshqa bir aʼzosi yoki aʼzolarining muntazam davom etib keluvchi, takrorlanib turuvchi zoʻravonligidir va u asosan oila ichida roʻy beradi. Jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zoʻravonlik kabi koʻrinishlarda namoyon boʻlishi mumkin.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash va mehnatga oid huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sogʻligʻining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish holatlarining oldini olish maqsadida joriy yilning 11-aprelida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi qonuni qabul qilinib, amaldagi jinoyat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Bunga asosan 18 yoshga toʻlmagan shaxslarni, yaqin qarindosh, sobiq xotin, bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik uchun javobgarlik belgilanib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, oilaviy (maishiy) zoʻravonlik uchun javobgarlik kiritilib, unga koʻra, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻorda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega shaxsga nisbatan mulk, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash va mehnatga oid huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qilib, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish, mazkur harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan.
Shuningdek, yuqoridagi shaxslarni doʻpposlash, tan jarohati yetkazish yetkazilgan jarohatdan kelib chiqqan holda ogʻirlashtiruvchi holatlarni keltirib chiqarsa, xususan sogʻliqning uzoq vaqt (kamida 21 kun, ammo 4 oydan koʻp boʻlmagan davrda) yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining 10 foizidan 33 foizigacha yoʻqolishiga sabab boʻlgan qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish sodir etilsa, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Bundan tashqari, shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilanib, mazkur jinoyat ogʻirlashtiruvchi holatlarda 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida - hamma odamlar oʻz qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng boʻlib tugʻiladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda boʻlishlari kerak deb belgilab qoʻyilganligini yodimizdan chiqarmasligimiz lozim.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova