Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Konstitutsiya mamlakatning eng oliy yuridik kuchga ega hujjatidir.


 

Konstitutsiya mamlakatning eng oliy yuridik kuchga ega hujjatidir.

 

Inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatimizni anglagan holda, joriy yilning 30-aprelida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ijroga qaratildi.

Konstitutsiyaning eng asosiy yuridik xususiyatlaridan biri bu – uning oliy yuridik kuchga egaligidir. Konstitutsiyada mazkur normaning mutahkamlanishi – barcha qonun hujjatlarining soʻzsiz Konstitutsiya normalariga mos kelishini anglatadi. Umuman olganda, oliy yuridik kuch ega deganda – normativ-huquqiy hujjatlarning (iyerarxiyasida - bir butun narsa yoki hodisalar ayrim qismlari yoki elementlarining yuqoridan quyiga tomon bir tartibda joy olishi) eng yuqori oʻrinda turishi hamda boshqa har qanday huquqiy hujjatlardan ustunligi tushuniladi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunning 8-moddasiga asosan, Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida qoʻllaniladi, deb belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, amaldagi Konstitutsiyaning 15-moddasida qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil qiladi.

         Shunga koʻra, Konstitutsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi deganda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarini huquqni qoʻllash amaliyotida bevosita qoʻllagan holda qarorlar qabul qilish, fuqarolarning Konstitutsiya normalaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishi va rioya etishi koʻzda tutiladi.

Mamlakatda Konstitutsiya normalari tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qatʼi nazar, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi.

         Bugungi kunda Konstitutsiyamizning oliy yuridik kuchga egaligini quyidagi mezonlar bilan izohlash mumkin:

Birinchidan, Konstitutsiya davlatning Asosiy qonunidir.

Ikkinchidan, barcha qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, xoh u qonun boʻlsin, Prezident farmoni boʻlsin, yo boʻlmasa hukumat, vazirliklar, idoralar qarorlari boʻlsin barchasi Konstitutsiya normalariga soʻzsiz mos tarzda qabul qilinishi lozim.

Uchinchidan, konstitutsiyaviy normalar maxsus sud organi – Konstitutsiyaviy sud tomonidan ham umumyurisdiksiyaviy sudlar tomonidan ham himoya qilinadi.

Toʻrtinchidan, Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish oʻziga xos murakkab mexanizm asosida amalga oshiriladi.

Konstitutsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanilishi orqali fuqarolar Konstitutsiyadan foydalanib, asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish imkoniga ega boʻladi.

Konstitutsiya doimiy takomillashuvda, u oʻzgarmas, qotib qolgan hujjat emas, Konstitutsiya jamiyat bilan doimiy hamnafas boʻlib, inson va davlat oʻrtasidagi eng muhim masalalarni tartibga soladi va mamlakatning huquqiy poydevorini koʻrsatib beradigan, yurt taraqqiyotini kafolatlaydigan davlatning Asosiy qonuni huquqiy belgisidir.

Umuman olganda, har bir fuqaro kundalik hayotida, oʻz haq-huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda Konstitutsiyamizdan kuch-quvvat olib harakat qilishi, unga tayanishi lozimligini anglashi lozim. Negaki, Konstitutsiya barcha qonun hujjatlarining eng yuqorisida turuvchi Asosiy qonun ekanini hayotlarida his qilishlari lozim.

 

 

Quyi Chmrchiq tumani adliya boʻlimi

Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                     N. Anarqulova