Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Yangi Mehnat Kodeksi ijroga qaratildi


         Yangi Mehnat Kodeksi ijroga qaratildi.

 

 

Joriy yilning 30-aprelidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida” gi Qonuni kuchga kirib, yangi tahrirdagi 2 qism, 7 boʻlim, 34 bob va 581ta moddadan iborat Mehnat kodeksi kuchga kirdi.

         Yangi kodeks birinchi va umumiy qismining oʻzi 9 ta bobni oʻz ichiga olgan boʻlib, bunda mehnat huquqiga doir umumiy qoidalar va asosan, mehnat munosabatlariga doir fundamental qoidalardan iborat.

Yangi kodeksning umumiy qismida 93 ta modda boʻlib, ikkinchi va maxsus qismi 25 ta bobdan iborat. Unda mehnat huquqining alohida sohalariga bagʻishlangan qoidalar mavjud. Xodimlarning yakka tartibdagi mehnat munosabatlari, ularni ishga joylashtirish va ishga qabul qilish, mehnat shartlarini oʻzgartirish, mehnat shartnomasini bekor qilish, ish vaqti va dam olish vaqti, taʼtillar, ragʻbatlantirish va intizomiy jazolar, xodimlarni kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlarning mehnatini tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish hamda mehnat nizolarini koʻrib chiqish umuman olganda maxsus qismda 488 ta modda bor.

         Yangi Mehnat kodeksiga asosan, Mehnat shartnomasida xodimni kamsitadigan shartlar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi va mehnat shartnomasiga   xodimning holatini mehnat qonunchiligiga va mehnat haqidagi boshqa hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash talablarini buzadigan, majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan hamda xodimni qonunga xilof harakatlarni, boshqalarning yoki xodim oʻzining huquqlarini buzadigan, hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan, shaʼniga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlarning kiritilishi oʻz oʻzidan haqiqiy hisoblanmaydi.

         Mehnat shartnomasi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi mehnat shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab boʻlmaydi.

         Yangi Mehnat kodeksiga koʻra, ish haqi milliy valyutada (soʻmda) toʻlanishi belgilanib, ish haqini qarz majburiyatlari, tilxatlar, kuponlar tarzida toʻlash taqiqlanadi.

         Shuningdek, Mehnatga natura shaklida haq toʻlash taqiqlanadi, bundan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar mustasno.

Bundan tashqari, xodimga ish haqini toʻlash, qoida tariqasida, bevosita u ishni bajargan joyda amalga oshirilib, xodimning yozma roziligi bilan ish haqini yoki uning bir qismini bank muassasalari yoki pochta boʻlimlari orqali toʻlashga yoʻl qoʻyilib, ularning xizmatlari uchun ish beruvchining hisobidan haq toʻlanishi belgilangan.

         Kodeksga asosan, agar xodim ish haqi toʻlanadigan kuni ish beruvchining topshirigʻini ish joyidan tashqarida (xizmat safarida, malaka oshirish kurslarida boʻlsa va boshqalar) bajarayotgan boʻlsa, xodimning iltimosiga koʻra ish beruvchi xodimga tegishli ish haqini oʻz hisobidan yuborishi yoki xodimning ishonchli shaxsiga toʻlashi shart.

         Yangi qabul qilingan Mehnat kodeksiga koʻra, ishdan boʻshatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bogʻliq boʻladi:

         Masalan: - 3 yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizidan;

         - 3 yildan 5 yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizidan;

         - 5 yildan 10 yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining 100 foizidan;

         - 10 yildan 15 yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining 150 foizidan;

         - 15 yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish haqining 200 foizidan kam boʻlishi mumkin emas.

         Shuningdek, dam olish kuni bayram kuniga toʻgʻri kelsa keyingi kunga koʻchiriladi.

         Bundan tashqari kldeksga binoan, ish beruvchining xodimdan mehnat shartnomasida shartlashilmagan ishni talab qilishi taqiqlanadi.

Yanʼi mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilmagan ishni bajarishni (qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno), qonunga xilof boʻlgan, xodimning yoki boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, ularning shaʼni, qadr-qimmati hamda ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishni ish beruvchi xodimdan talab qilishga haqli emas.

Mazkur kodeksga koʻra, mehnatiga vaqtbay haq toʻlanadigan xodim tomonidan har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda uning mehnatiga yuqoriroq malakali ish boʻyicha haq toʻlanadi.

Mehnatiga ishbay haq toʻlanadigan xodim tomonidan har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda uning mehnatiga u bajargan ishning baholari boʻyicha haq toʻlanadi.

Shuningdek, ishlab chiqarish xususiyatini hisobga olgan holda mehnatiga ishbay haq toʻlanadigan xodimlarga oʻziga berilgan razryadlardan pastroq tarifikatsiya qilinayotgan ishlarni bajarish topshiriladigan hollarda ish beruvchi ularga razryadlar oʻrtasidagi farqni toʻlashi shart.

         Kodeksga asosan, yillik asosiy mehnat taʼtilining eng kam miqdori 21 kalendar kun etib belgilandi.

         Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga davomiyligi 27 kalendar kun boʻlgan har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtil beriladi.

         Bundan tashqari, xodimlarga bitta tashkilotda ishlagan har 5 yil uchun 2 kalendar kun biroq jami 8 kalendar kundan koʻp boʻlmagan har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtili beriladi.

Yangi Mehnat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlardan biri xizmat tekshiruvi oʻtkazish tartibi boʻlib, xodim xizmat tekshiruvi materiallari bilan tanishishga, ulardan koʻchirmalar, koʻchirma nusxalar olishga haqli.

Xizmat tekshiruvini oʻtkazish muddati 15 ish kunidan oshmasligi kerak.

Shuningdek, xodimning ish joyida boʻlishi xizmat tekshiruviga   xalaqit berishi mumkin deb taxmin qilish uchun sabablar boʻlsa, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirishga haqli boʻlsa, xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotganligi sababli ishdan chetlashtirilgan xodimga ishdan chetlashtirishning butun davri uchun oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.

Mazkur kodeksga binoan, xodimlarga ish haqi qisman saqlanadigan qoʻshimcha taʼtillar berilishi mumkinligi, yaʼni jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnatga oid boshqa hujjatlarda, ular boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida xodimga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berish imkoniyati, shuningdek bunday taʼtil berilishi majburiy boʻlgan holatlar nazarda tutilishi mumkin.

Bundan tashqari, ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berish va uning davomiyligi toʻgʻrisidagi masala taraflarning kelishuviga koʻra hal etiladi hamda ish haqi qisman saqlanadigan taʼtillarda ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emasligi belgilangan.

Ushbu qabul qilingan kodeksga binoan, ayollarga homilani antenatal (tugʻruqqacha) parvarishlash uchun qoʻshimcha boʻsh kunlar berilishi belgilangan boʻlib, bunga asosan, ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal ( tugʻruqqacha) parvarishlash, yaʼni perinatal skrining va tashxis, majburiy tibbiy koʻriklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qoʻshimcha boʻsh kunlar berishi shartligi belgilandi. Bu “dekret”, yaʼni homiladorlik taʼtili sanalmaydi, undan tashqari beriladigan, ish haqi saqlanadigan boʻsh kunlar hisoblanadi.

Yangi Mehnat kodeksiga koʻra, 3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha boʻlgan bolani yolgʻiz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) oʻz muassislarining (ishtirokchilarining) yoki taʼsis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyatning tugatilganligi, xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi hamda xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzganligi boʻyicha bekor qilishga yoʻl qoʻyilishi belgilangan.

Bugungi kunda ijroga kiritilgan yangi kodeksda ayrim toifadagi xodimlar uchun sinov muddati 3 oydan 6 oygacha uzaytirilishi belgilanib, dastlabki sinov muddati uch oydan, ayrim toifadagi xodimlar (rahbarlar, bosh buxgalterlar) uchun sinov muddati 3 oydan 6 oygacha uzaytirilishi, dastlabki sinov davri mehnat stajiga, shu jumladan har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga ham kiritilishi belgilangan.

Bundan tashqari, yangi kodeks bilan xodimni boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborish faqat uning yozma roziligi bilan bir yildan koʻp boʻlmagan muddatga hamda xodim vaqtincha xizmat safariga yuborilgan ish beruvchi bilan tuziladigan alohida muddatli mehnat shartnomasi asosida amalga oshirilishi, vaqtincha xizmat safariga yuborilganda mehnatga haq toʻlash xodim vaqtincha xizmat safariga yuborilgan ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu ish beruvchi toʻlovga qobiliyatsiz boʻlgan taqdirdi, bajarilgan ish uchun haq toʻlash majburiyati xodim vaqtincha xizmat safariga yuborilgan ish beruvchiga nisbatan regress daʼvo qoʻzgʻatish huquqi bilan xodimni vaqtincha xizmat safariga yuborilgan ish beruvchi zimmasiga yuklatiladi.

Yangi Mehnat kodeksiga koʻra, ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotgan shaxs   pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat yoxud identifikatsiyalovchi ID karta (16 yoshgacha boʻlgan shaxslar esa tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki identifikatsiyalovchi ID karta), oxirgi ish joyi boʻyicha tasdiqlangan qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasi yoki elektron mehnat daftarchasidan koʻchirma, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno, oʻrindoshlik asosida ishga kirayotganlar mehnat daftarchasi oʻrniga asosiy ish joyidan maʼlumotnoma, harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma va oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tashkilotini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi diplom hamda qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus maʼlumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslar qoʻyilishi mumkin boʻlsa, oʻsha ishga kirish chogʻida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnoma (sertifikat) yoxud boshqa tegishli hujjatlar, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) va jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasi, (birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno) hujjatlarni taqdim etadi.

Kodeksiga asosan, mehnat shartnomasini oʻzgartirish asoslari:   mehnat shartlarining oʻzgarishi, xodimning boshqa ishga oʻtkazilishi, ish beruvchining boshqa joyga koʻchishi munosabati bilan joyning oʻzgarishi, xodimning boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilishi, mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ish joyining oʻzgarishidan iborat.

         Shuningdek, ishga qabul qilinayotgan 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga, homilador ayolga, 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayolga yoki 3 yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan otaga va vasiyga, zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarga, davlat grantlari asosida oʻqigan va oliy taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran 3 oy ichida yoʻllanma boʻyicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilariga, tegishli taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran 1 yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilariga, oʻzi bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlarga, ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar boʻyicha bekor qilgan boʻlsa, oʻsha shaxslarga, ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi boʻyicha ushbu ish beruvchida oʻqishni oʻtagan oʻquvchilarga hamda jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlarga dastlabki sinov belgilanmaydi.

 

 

 

         Quyi Chichrchiq tumani adliya boʻlimi

         Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

bosh yuriskonsulti                                                    Nazokat Anarqulova.