Янгиликлар
Mutaxassisligi boʻyicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilinadi
Mutaxassisligi boʻyicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilinadi
Necha-necha asrlar oʻtsa-da Nodirabegim, Uvaysiy, Zebuniso, Anbar Otin kabi buyuk ajdodlarimizning ijodi oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmay kelayapti. Ularning gʻazallarini oʻqisangiz hayo, ibo, sadoqat, nafosat timsollari koʻz oldingizda namoyon boʻlaveradi. Ham jamiyatda, ham oilada oʻz oʻrniga ega boʻlgan buyuk ajdodlarimiz yillar, asrlar oʻtib oʻz izdoshlariga ega boʻlib kelmoqda. Biz ayollar nozik hilqat egalari boʻlish bilan bir vaqtda jamiyatda oʻz oʻrnimizga egamiz.
Bugun Oʻzbekistonda “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar” doirasida ustuvor maqsadlardan biri sifatida “Gender tenglikni taʼminlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” belgilangan boʻlib, ushbu maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning oʻz huquq va manfaatlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirishida ularni qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi dasturlarni kengaytirish talab etilib, 2022-yilning 7-martida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 87-son Farmoni bilan “2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur qabul qilinib ijroga qaratilgan.
Mazkur milliy dastur xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilab, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, qizlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, iqtidorli va bilimli qizlarni tarbiyalash hamda ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, jamiyatda, xususan, davlat boshqaruvida ularning rolini mustahkamlash hamda gender tenglikni taʼminlashdan iborat.
Shu bilan birga ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish maqsadida 2020-yil 23-iyunida Vazirlar Mahkamasining 402-son qarori bilan “Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida” Nizom tasdiqlanib ijroga qaratilgan.
Respublika oliy taʼlim muassasalariga ajratilgan qoʻshimcha davlat granti asosida yaʼni mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish gi qabul koʻrsatkichlari doirasida oliy maʼlumot olish istagida boʻlgan iqtidorli xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tomonidan kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlarga, (Bunda kam taʼminlangan oila deganda, oilaning har bir aʼzosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 0,527 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻgʻri keladigan bir oylik oʻrtacha jami daromadga ega boʻlgan oila tushuniladi), toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar, turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar, nogironligi boʻlgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar va ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning qiz farzandlari hamda ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga beriladi.
Xotin-qizlar Tavsiyanoma olishi uchun oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi, tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi va oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha 5 yillik mehnat stajiga ega boʻlishi kerak.
Mazkur tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha roʻyxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlariga 1-iyungacha ariza bilan murojaat qiladi. Ariza va hujjatlar 7-iyungacha koʻrib chiqiladi va ishchi guruh xulosasi 10-iyungacha Qoʻmitaga taqdim qilinadi.
Shuningdek, hujjatlar Qoʻmita tomonidan 14-iyungacha koʻrib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi va 15-iyungacha tavsiyanoma talabgorlarga yetkazilishi lozim.
Bundan tashqari, tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida oʻtkaziladi hamda kirish imtihonlari yakuniga koʻra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ballni toʻplagan tavsiyanomaga ega xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etiladi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova