Янгиликлар
Oilaviy tadbirkorlik uchun 14 foizdan kredit beriladi
Oilaviy tadbirkorlik uchun 14 foizdan kredit beriladi
Oilaviy tadbirkorlik- oila aʼzolari tomonidan tavakkal qilib va oʻz mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olish maqsadida amalga oshiriladigan tashabbuskorlik faoliyatidir.
Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, birinchi navbatda, mahallalarda kichik biznes va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish borasidagi tadbirlarni tizimli ravishda davom ettirish maqsadida joriy yilning 31-yanvar kunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “ Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Qarorga muvofiq 2023-yil 1-fevraldan boshlab dasturlar doirasida kreditlar ustuvor ravishda dasturlar boʻyicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Shuningdek, agrar tarmoqda oʻz biznesini tashkil etishga koʻmaklashish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish maqsadida uzoq muddatga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini ijaraga olib, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan dehqon xoʻjaliklari va kichik tadbirkorlik subyektlariga 50 mln soʻmgacha garovsiz kredit berilishi, tadbirkorlik subyektlarining mahallalarda, shu jumladan tashkil etilgan mikromarkazlarda ishlab chiqarishni, xizmat koʻrsatish sohasini va hunarmandchilikni hamda aholi bilan kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirishga yoʻnaltirilgan loyihalari uchun hokim yordamchilarining tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori amaldagi 225 million soʻmdan 300 million soʻmgacha oshiriladi. Bunda, tashabbuskor loyihada kamida oʻttiz foiz ulush bilan ishtirok etishi, dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan va kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirgan kichik tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.
Bundan tashqari, imtiyozli kreditlardan foydalanib, daromad topishga qaratilgan faoliyat bilan shugʻullanayotgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida tasniflanib, hokim yordamchisining tavsiyasiga koʻra kredit summasining 10 million soʻmgacha boʻlgan qismi (hunarmandlar uchun 20 million soʻmgacha) bank kartalariga (naqdlashtirish imkoniyatini cheklagan holda) oʻtkazib beriladi.
Ammo mazkur ajratilgan kreditlarni oʻz muddatida qaytarmagan fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga dasturlar doirasida yangi kreditlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarorga koʻra, dasturlar doirasida kreditlar yillik 14 foiz ajratilib, kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismi tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalda belgilangan miqdor va shartlar asosida qoplab berilishi, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yoʻnalishida tomorqa yer egalariga beriladigan mikrokreditlar miqdori 3 million soʻmgacha oshirilishi hamda ushbu mikrokreditlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik, daromad topish va faoliyatini kengaytirish uchun aholi va tadbirkorlarga mahallalardagi hokim yordamchilari tavsiyasi asosida – 3 oydan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha, chorvachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish, “dala doʻkonlari” qurish va koʻchma muzlatkichlarni oʻrnatish uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilga, bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilik, issiqxona qurish, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish uchun, artezian quduqlarini qazish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha va oilaviy mehmon uylari, xostellar, oʻtov lagerlari majmuasi, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlar tashkil etish va ularni taʼmirlash uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha hamda “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish uchun – 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova.