Янгиликлар
Tuhmat qilganlik uchun qanday javobgarlik bor?
Tuhmat qilganlik uchun qanday javobgarlik bor?
Tuhmat, yaʼni bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganlik uchun qonunchilikda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda tuhmat qilgan shaxsga nisbatan 6 mln 600 ming soʻmdan 19 mln 800 ming soʻmgacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Agar ushbu huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, 66 mln soʻmgacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Tuhmat nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan tarzda, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internetda joylashtirish orqali amalga oshirilsa, ushbu harakat jinoyat hisoblanadi va aybdor:
-66 mln soʻmdan 132 mln soʻmgacha miqdorda jarima;
-300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
-2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
-1 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanishi mumkin.
Agarda tuhmat ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab, ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan holda, xavfli retsidivist tomonidan, gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa:
-99 mln soʻmdan 165 mln soʻmgacha miqdorda jarima;
-360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
-1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi tayinlanishi mumkin.
Asilbek Oʻrmonov,
Toshkent viloyati adliya
boshqarmasi katta maslahatchisi