Янгиликлар
Pedagog xodimlar yangi Mehnat kodeksiga ko‘ra kelayotgan yozda necha kun ta’til oladi?
Pedagog xodimlar yangi Mehnat kodeksiga ko‘ra kelayotgan yozda necha kun ta’til oladi?
Amaldagi Mehnat kodeksining 135-moddasi 2-qismiga ko‘ra, ayrim toifadagi xodimlarga ularning mehnat vazifalarining o‘ziga xos jihatlari va xususiyatlarini hamda boshqa holatlarni e’tiborga olib, qonunchilikka muvofiq uzaytirilgan ta’tillar belgilanadi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 53-moddasiga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi belgilanadi, haq to‘lanadigan har yilgi uzaytirilgan ta’til va boshqa imtiyozlar va kafolatlar taqdim etiladi.
Amaldagi mehnat qonunchiligi bo‘yicha pedagog xodimlarga 48 ish kunidan iborat yillik uzaytirilgan ta’tillar beriladi.
30 apreldan boshlab ta’tillar muddatini hisoblash Yangi Mehnat kodeksi 221-moddasiga ko‘ra amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, xodimlarning har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi (221-modda 3-qismidagi holatlar bundan mustasno). Ta’tillar davomiyligi ham endi ish kunlarida emas, kalendar kunlarda belgilanadi.
Yangi Mehnat kodeksida pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari alohida moddada tartibga solinmoqda. Yangi MK 501-moddasi 6-qismiga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga 36 soatdan ortiq bo‘lmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili beriladi. Pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tilining davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Demak, e’tibor bering, 501-moddadan ko‘rinib turibdiki, ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili beriladi va uning davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika 3 tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatini kutamiz.
Avvalgi Mehnat kodeksi 140-moddasiga ko‘ra, barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning umumiy muddati 48 ish kunidan oshib ketishi mumkin emas edi.
Yangi MK 222-moddasiga ko‘ra esa, barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas.
Shunday ekan, pedagog xodimlarga maksimal 56 kalendar kungacha ta’til berilishi mumkin. Yana ham anig‘ini esa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjati e’lon qilinganda bilib olamiz.
Chinoz tuman adliya bo'limi yuridik xizmat
ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti
M.Nunnazarov.