Янгиликлар
Garov narsasidan foydalanish va uni tasarruf etish
Garov narsasidan foydalanish va uni tasarruf etish
Agar shartnomada o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki garovning mohiyatidan anglashilmasa, garovga qo‘yuvchi garov narsasidan uning vazifasiga ko‘ra foydalanishga, shu jumladan undan hosil va daromadlar olishga haqli.
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va garovning mohiyatidan anglashilmasa, garovga qo‘yuvchi faqat garovga oluvchining roziligi bilan garov narsasini boshqa shaxsga berishga, uni ijaraga yoki bepul foydalanish uchun boshqa shaxsga topshirishga yoxud uni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli.
Garovga qo‘yuvchining garovga qo‘yilgan mol-mulkni vasiyat qilib qoldirish huquqini cheklaydigan kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir.
Garovga oluvchi o‘ziga topshirilgan garov narsasidan shartnomada nazarda tutilgan hollardagina foydalanishga haqli bo‘lib, garovga qo‘yuvchiga undan foydalanish to‘g‘risida muntazam hisobot bepib turadi. Shartnomaga muvofiq garovga oluvchi zimmasiga asosiy majburiyatni bajarish maqsadida yoki garovga qo‘yuvchining manfaatlarini ko‘zlab, garov narsasidan hosil va daromadlar olish burchi yuklab qo‘yilishi mumkin.
Garovga oluvchining garov narsasiga bo‘lgan o‘z huquqlarini himoya qilishi
Garovga oluvchi o‘z ixtiyorida bo‘lgan yoki bo‘lishi lozim bo‘lgan garovga qo‘yilgan mol-mulkni boshqa shaxsning qonunsiz egallashidan, shu jumladan garovga qo‘yuvchining egallashidan talab qilib olishga haqli.
Shartnoma shartlariga ko‘ra garovga oluvchiga o‘ziga topshirilgan garov narsasidan foydalanish huquqi berilgan hollarda u boshqa shaxslardan, shu jumladan garovga qo‘yuvchidan ham, o‘z huquqining har qanday buzilishini bartaraf etishni, garchi bu buzilishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, talab qilishi mumkin.
Undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish asoslari
Garovga oluvchining (kreditorning) talablarini qondirish uchun undiruvni qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatni o‘zi javobgar bo‘lgan vaziyatlarda bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish mumkin.
Agar garov bilan ta’minlangan majburiyatning qarzdor tomonidan buzilishi juda arzimas bo‘lsa va shu tufayli garovga oluvchining talablarining miqdori garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatiga mutlaqo mos kelmasa, undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishni rad etish mumkin, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi boshlig‘i I.Noyobov