Янгиликлар
Konstitutsiyamizni birgalashib oʻrganamiz!
Konstitutsiyamizni birgalashib oʻrganamiz!
Konstitutsiyamizning 4-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb belgilangan.
(https://lex.uz/docs/6445145#6445179)Til davlatning asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlari, xalq maʼnaviy kamolotining abadiy mahsuli sifatida doim qadrlangan. Har bir davlatning oʻz tiliga ega boʻlishi xalqni birlashtiruvchi, jisplashtiruvchi qadriyat sifatida ham eʼtirof etiladi.
1989-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonun bilan Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi mustaqillik uchun qoʻyilgan dastlabki qadam sifatida qaraladi. Bu ham mustaqil davlat uchun tilning ahamiyati qanchalik zarur ekani dalilir.
Oʻzbek tilining davlat tili sifatida belgilanishi, davlat organlarida ish yuritish, qonunchilikning oʻzbek tilida yuritilishini taʼminlaydi, bu qonunda ham mustahkamlangan. Bu esa oʻz navbatida fuqarolarimizga oʻz huquq va erkinliklariga oid barcha hujjatlar bilan erkin, mustaqil, hech qanday muammolarsiz tanishish imkonini beradi.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi, koʻp millatli xalqimizning boshqa tillari, ularning urf-odatlari va anʼanalarining birdek hurmat qilinishi bilan birgalikda olib boriladi.
Buning amaliy ifodasi sifatida, turli tillarda chop etilayotgan kitoblar, gazeta, jurnallar, ommaviy axborot vositalari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turli millatlarning milliy-madaniy markazlarini keltirishimiz mumkin.
Ohangaron tuman adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish
markazi bosh yuriskonsulti Aktamova Sitora Oʻtkir qizi