Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Nogironligi boʻlgan shaxslarga auksion orqali yer uchastkasi sotib olish xarajatlarining bir qismi toʻlab beriladi


Nogironligi boʻlgan shaxslarga auksion orqali yer uchastkasi sotib olish xarajatlarining bir qismi toʻlab beriladi

Nogironligi boʻlgan shaxsning va tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish maqsadida joriy yilning 23-mart kunida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Nizom tasdiqlandi.

Mazkur Nizomga koʻra, yer uchastkasini auksion orqali sotib olish xarajatlaridan kelib chiqqan holda, oilasi tarkibida nogironligi boʻlgan shaxslar sonidan qatʼi nazar, BHMning 100 baravarigacha (30 mln soʻmgacha) miqdorda bir martalik toʻlov ajratilib, xarajatlar ushbu miqdordan yuqori boʻlgan hollarda BHMning 100 baravarigacha (30 mln soʻmgacha) boʻlgan qismi qoplab beriladi.

         Shuningdek, nizomga binoan imtiyozli toifadagi shaxslar oxirgi 12 oy davomida oʻzi yoki oila aʼzolari nomida yashash uchun moʻljallangan turar joyi yoki yer uchastkasi mavjud boʻlmasligi, yer uchastkasi oxirgi 3 oy ichida auksion orqali xarid qilingan va Oʻzbekiston hududida boʻlishi, nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning birida turgan boʻlishi lozim.

         Jumladan, imtiyozli toifadagi shaxs auksion orqali yer uchastkasi sotib olgandan boshlab 3 oy ichida oʻz hududidagi tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimiga murojaat qilishi lozim boʻlib, bu muddatdan kechikib berilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi.

Bundan tashqari, mablagʻ ajratish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilingandan soʻng 5 ish kunida imtiyozli toifadagi shaxslarning arizasida koʻrsatilgan bank plastik hisob varagʻiga mablagʻ oʻtkazilishi taʼminlanadi.

Imtiyozli toifadagi shaxslarga bir martalik toʻlov “Ayollar daftari”ga kiritilgan imtiyozli toifadagi shaxslar uchun — “Ayollar daftari” jamgʻarmasidan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan imtiyozli toifadagi shaxslar uchun — “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan, “Temir daftar”ga kiritilgan shaxslar uchun — “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan tegishlicha mazkur jamgʻarmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi.

Nogironligi boʻlgan shaxs va tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor     oila — qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan ekspertiza natijalari boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan fuqarolar va tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilalar hisoblanadi.

        - yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismi hisoblanadi.

         - elektron onlayn-auksion — yer uchastkasini sotib olish boʻyicha auksion tashkil etish va oʻtkazish uchun zarur axborotni kiritish, saqlash, qayta ishlash, shuningdek, istagi boʻlgan imtiyozli toifadagi shaxsning bunday auksionga kirish (qatnashish) imkonini taʼminlaydigan axborot tizimi;

        - yer uchastkasini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish yaʼni bir martalik toʻlov — imtiyozli toifadagi shaxslarning auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun tegishlicha “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan ushbu jamgʻarmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar tomonidan bir martalik toʻlovlarni amalga oshirish hisoblanadi.

Ohangaron tumani adliya bo`limi

bosh maslahatchisi                                                           A.Xakimov