Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLAR TO‘G‘RISIDA


NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasining 20.04.2021 yildagi O‘RQ-682-sonli qonuni qabul qilingan bo’lib, Qonunning maqsadi normativ-huquqiy hujjatlar tushunchasini, turlarini, ushbu hujjatlarning o‘zaro yuridik kuchi va nisbatini belgilashdan, shuningdek ularni rejalashtirish, tashabbus qilish, tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish, qabul qilish, e’lon qilish, ularning ijrosini tashkil etishni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslardir (bundan buyon matnda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar deb yuritiladi).

Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan referendum yo‘li bilan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.

Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi bo‘yicha o‘zaro nisbati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatlariga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi.

Normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi.

Teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda, keyinroq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat qoidalari amal qiladi.

Agar normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlikning, davlat qo‘mitasining yoki idoraning ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish uchun maxsus vakolati bo‘lsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil maqomdagi boshqa vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda ishlab chiquvchi:

qonunchilikning holatini, normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmeti bo‘yicha qo‘llanilish amaliyotini o‘rganadi;

ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘shliqlar va ziddiyatlarni, shuningdek huquqiy jihatdan tartibga solishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni, qonunchilikning samaradorligiga ta’sir etuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlaydi;

ijtimoiy munosabatlarning tegishli sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni aniqlash nuqtai nazaridan qonunchilikni xatlovdan o‘tkazadi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek ayrim fuqarolarning takliflarini, ommaviy axborot vositalarining materiallarini, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar hamda mutaxassislarning maslahatlari va tavsiyalarini, jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalari ma’lumotlarini umumlashtiradi hamda ulardan foydalanadi;

xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini hisobga oladi, shuningdek boshqa davlatlardagi huquqiy jihatdan tartibga solish borasidagi tajribani o‘rganadi;

normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmetiga taalluqli ilmiy tadqiqotlar natijalarini, ommaviy axborot vositalaridagi, Internet jahon axborot tarmog‘idagi maqolalarni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganadi;

normativ-huquqiy hujjatni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan moliyaviy-iqtisodiy xarajatlarga bo‘lgan ehtiyojni, ularning o‘rnini qoplash miqdorlari va manbalarini belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasiga olib chiqiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi manfaatdor davlat organlarining, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, o‘zga tashkilotlarning vakillari, olimlar, mutaxassislar va fuqarolar ishtirokida o‘tkaziladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining mutaxassislar muhokamasi tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining, tarmoqlarning vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasining jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasi ishtirokchilari ishlab chiquvchi tomonidan loyihaning matni bilan oldindan tanishtirilishi kerak.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi jarayonida bildirilgan takliflar va fikr-mulohazalar tavsiya xususiyatiga ega hamda ishlab chiquvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi materiallari normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga ko‘rib chiqish uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish bilan bir vaqtda kiritiladi.

Ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (bundan buyon matnda portal deb yuritiladi) jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtiriladi.

Ishlab chiquvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini portalga uni normativ-huquqiy hujjat qabul qiluvchi organga kiritishdan oldin joylashtiradi.

Ishlab chiquvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasining portaldagi jamoatchilik muhokamasi muddatini tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi hamda bu muddat portalda normativ-huquqiy hujjat loyihasi joylashtirilgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilaridan tushgan fikr-mulohazalarni va (yoki) takliflarni hisobga olishni ishlab chiquvchi qabul qilingan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflarga muvofiq loyihani maromiga yetkazish yo‘li bilan amalga oshiradi.

Kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar rad etilgan taqdirda, ishlab chiquvchi ularni rad etish sababini asoslashi shart.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi natijalari, qoida tariqasida, kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflarni ko‘rib chiqish natijalari ko‘rsatilgan holda tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga (ko‘rib chiqish uchun) kiritiladi.

 

Ohangaron tuman Adliya bo’limi

yuridik xizmat ko`rsatish markazi

bosh yuriskonulti                                                            G‘. Abduraxmonov