Янгиликлар
Ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish
Ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-avgustdagi 495-son qarori bilan Ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun ikki xil tartibda amalga oshiriladi
1. Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi;
2. Davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun my.gov.uz saytidan.
Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi. Ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilayotganda, so‘rovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma nusxasi ilova qilinadi.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan so‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (ERI, daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchilar my.gov.uz sayti orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlarning ko‘rsatilishi yoki uni tasdiqlash rad etilishi davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmati ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning so‘rovnomasi ko‘rib chiqilmasdan qoldiriladi.
Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etgan taqdirda, uning so‘rovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida, YIDXP orqali murojaat etganda avtomatik tarzda tegishli davlat arxiviga elektron shaklda yuboriladi.
Davlat arxivi so‘rovnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab ish stajini tasdiqlashga oid ma’lumotnomalar uchun — 5 ish kunidan, ish haqini tasdiqlashga oid ma’lumotnomalar uchun — 20 ish kunidan oshmagan muddatda tegishli QR-kodli (matrik shtrixli kod) ma’lumotnomani shakllantiradi hamda (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali elektron shaklda yuboriladi.
Davlat xizmatlari markazlari va davlat arxivlari o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosi bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini doimiy nazorat qiladi va monitoring olib boradi.
Ohangaron tumani adliya bo`limi
DXM sho’ba boshlig’i A.Maxkamov