Янгиликлар
SHAXSLARNING MUROJAATLARINI JAVOBLANTIRISHDA “ASOSGA NISBATAN ASOS” USULI
SHAXSLARNING MUROJAATLARINI JAVOBLANTIRISHDA “ASOSGA NISBATAN ASOS” USULI
Odatda qonun talabidan kelib chiqib, huquqlarimiz va qonuniy manfaatlarimizni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat - arizani, buzilgan huquqlarimizni tiklash va qonuniy manfaatlarimizni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat - shikoyatni hal qilish uchun tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yuboramiz.
Albatta murojaatimizda bir emas, bir necha masala bo‘yicha vajlarimizni ko‘rsatib taqdim etar ekanmiz, ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra rad javobi umumiy mazmun bilan shablon tarzda taqdim etilishi hollariga ham duch kelmoqdamiz. Vaholanki, ushbu masalada qonunchilikda aniq-tiniq qoida belgilab qo‘yilgan.
Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun (https://lex.uz/docs/3336169) (yangi tahriri)ning 27-moddasiga asosan, murojaatlarga javoblar murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni inkor etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonunchilik hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Demak, murojaatimiz qanoatlantirilmagan taqdirda murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarimizni inkor etuvchi har bir asos alohida - alohida, aniq va tushunarli tarzdagi izohlari bilan keltirib o‘tilgan holda va albatta yozma shaklda javoblantirilishi lozim.
Bunday talab qanoatlantirish lozim topilgan murojaatlarga nisbatan ham birdek taalluqlidir.
Shunday ekan, murojaatlarimizga berilayotgan javob xatlariga diqqatli va e’tiborli bo‘lib, yetarlicha asoslantirilmagan va izohlab berilmagan javoblarga qarshi e’tirozlarimizni bildirishdan aslo andisha qilmasligimiz lozim. Chunki bu o‘z navbatida murojaatimizni ko‘rib chiqilishiga mas’ul idoralar, mansabdor shaxslarning har bir murojaatga atroflicha, har tomonlama va chuqur yondashishlariga undab turadi.
Muqaddam odil sudlovdagi ayrim og‘riqli nuqtalar haqida to‘xtalib, “asosga nisbatan asos" usulini zarur darajada tadbiq etilmayotganiga nisbatan e’tirozlarimizni bayon qilgan edik.
Yuqori Chirchiq tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
|
J.Zokirov |