Янгиликлар
NOGIRON SHAXSLARNI ISH BЕRUVCHI TASHABBUSI BILAN ISHDAN BO‘SHATISH MUMKIN EMASMI?
NOGIRON SHAXSLARNI ISH BЕRUVCHI TASHABBUSI BILAN ISHDAN BO‘SHATISH MUMKIN EMASMI?
Mehnat kodeksining 425-moddasi 3-qismida shunday deyilgan:
nogironligi sababli nogironligi bo‘lgan shaxs bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ishda uning yuqori lavozimga ko‘tarilishini rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining xulosasiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxsning sog‘lig‘i holati kasbiy vazifalarini bajarishga monelik qiladigan yoxud uning yoki boshqa shaxslarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga, mehnat xavfsizligiga tahdid soladigan hollar mustasno.
To‘g‘ri, bu qoidada nogironligi bo‘lgan xodim bilan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishga cheklov qo‘yilmoqda. Bunda agar TIEKning maxsus xulosasi bo‘lib, bu xulosaga ko‘ra nogiron shaxsning sog‘lig‘i mehnatni davom ettirishga mone’lik qiladigan bo‘lsa, yoki boshqalarning hayotiga va mehnat jarayoniga taxdid solsa, uni bo‘shatish mumkin. Bu endi alohida istisnoviy jihat.
Biz ko‘rib chiqayotgan holatda ikkinchi istisnoviy holatlar yo‘q deb hisoblaylik, to‘g‘rimi? Ya’ni, biz vaziyatni boshqa, umumiy tomondan ko‘rib chiqamiz. Yuqoridagi qoidaga yaxshilab e’tibor beraylik, bunda agar ushbu ishdan bo‘shatishda xodimning nogironligi sabab qilib olinayotgan bo‘lsa, bu bo‘shatish amaliyoti noto‘g‘ri bo‘lishi aytilmoqda. Aynan nogironlik sabab sifatida olinsa, tushunyapsizmi?
Endi qarang, deylik 3-guruh nogironligi bo‘lgan xodim shunchaki bir xafta davomida hech qanday uzirli sababsiz ishga kelmadi. Progulga yo‘l qo‘ydi. Bergan tushuntirish xatida ham birorta uzirli sababni keltira olmadi. Vaziyat tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalarida nazarda tutilgan mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzilishiga tortadi. Ish beruvchi bunday vaziyatda xodimni nogiron bo‘lganligi sababli emas, u mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzganligi sababli ishdan bo‘shatmoqchi. MK 161-modda ikkinchi qism 5-bandi bilan. O‘ylaymanki, ish beruvchida bunga to‘liq huquq bor.
Agar shu vaziyatda ish beruvchi “siz nogiron bo‘lganligingiz sababli sizni ishdan bo‘shatmoqchimiz” desa va xodimni ish beruvchi tashabbusi bilan bo‘shatib yuborsa, demak mana shu jarayon noqonuniy bo‘ladi.
|
Yuqori Chirchiq tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
|
J.Zokirov |