Янгиликлар
”Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi
1-мавзу
”Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi
Jumladan, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra:
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy oʻziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra:
ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar Viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas;
Prezident muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi;
Qonunchilik palatasi Prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi;
Senat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi.
Senat tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 1 oy ichida oʻtkaziladi.
S.Xakimov – Ohangaron shahar adliya boʻlimi boshligʻi
2-мавзу
SAYLOVDA OVOZ BERISH TARTIBI
Saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha ovoz berish mumkin.
Saylovchi uchastka saylov komissiyasining aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatib, saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻygandan soʻng unga saylov byulleteni beriladi.
Saylovchi ism-familiyasi biron-bir sababga koʻra roʻyxatga kirmay qolgan boʻlsa, saylovchilarning familiyalari shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar roʻyxati ilovasiga kiritiladi.
Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida toʻldiradi.
Byulletenni toʻldirish chogʻida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi.
Saylovchi byulletenni mustaqil ravishda toʻldirish imkoniyatiga ega boʻlmasa, oʻz xohishiga koʻra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli. Saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va OAV vakillari bundan mustasno.
Yoqlab ovoz berilayotgan nomzodning familiyasi roʻparasidagi oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga « » yoki « » yoxud « » belgilaridan biri qoʻyiladi.
Ovoz berish vaqtida saylov byulleteni buzib qoʻyilsa, saylovchining iltimosiga koʻra yangisiga almashtirilishi mumkin.
Ayrim saylovchilar sogʻligʻining holatiga yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.
Bunda tegishli komissiyaning kamida 2 nafar aʼzosi koʻchma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga toʻlgan fuqarolar doimiy yoki vaqtincha yashash joylaridagi saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi.
S.Xakimov – Ohangaron shahar adliya boʻlimi boshligʻi
3-мавзу
Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi va saylovga 3 kun qolganida tugallanadi.
Muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning eʼtiboriga OAV orqali yetkaziladi.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida boʻla olmasligining sabablari (taʼtil, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) koʻrsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi.
S.Xakimov – Ohangaron shahar adliya boʻlimi boshligʻi
4-мавзу
Doimiy yashash hududidan olisda oʻqiyotgan talabalar endilikda saylovlarda ovoz berish uchun oʻz saylov uchastkalarini oʻzgartirish imkoniyatiga ega (yaʼni, ular saylovda qatnashish uchun doimiy yashash joyidagi saylov uchastkasiga borishi shart emas).
Buning uchun talabalar:
● Saylov.uz saytining “Xizmatlar” rukni orqali shaxsiy maʼlumotlarini kiritib, oʻz saylov uchastkasini aniqlaydi.
● Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali vaqtincha yashab turgan manzilda joylashgan saylov uchastkasida ovoz berish maqsadida uchastkani oʻzgartirish uchun murojaat yoʻllaydi.
Murojaat 1 ish kunida koʻrib chiqilib, tasdiqlangan taqdirda talaba oʻziga yaqin saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin boʻladi.
S.Xakimov – Ohangaron shahar adliya boʻlimi boshligʻi