Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Xotin qizlarga berilayotgan imtiyozlar


Xotin qizlarga berilayotgan imtiyozlar

Mamlakatimizda xotin-qizlarning taʼlim olishi, ularni oliy taʼlimga qamrab olishga keyingi yillarda oʻta muhim ahamiyat qaratilmoqda.

2017-yilga qadar oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozirgi kunda bu raqam qariyb 5 barobar koʻpayib, 500 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu borada qizlarning ulushi 50 foizga yetdi.

Keyingi yillarda joriy etilgan yangi tartibga muvofiq,

Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 5 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi boʻyicha besh yillik mehnat stajiga ega boʻlgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlarimiz oliygohlarga alohida kvota asosida oʻqishga qabul qilindi.

Shuningdek, magistraturada oʻqiyotgan talaba qizlar uchun kontrakt pullarining davlat tomonidan toʻlab berilayotganligi, talaba xotin-qizlarga foizsiz taʼlim kreditlari ajratilayotganligi ham xotin-qizlarning oliy taʼlim olish boʻyicha imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Joriy yilda ham 2 ta normativ-huquqiy hujjat asosida tegishli toifalarga kiruvchi xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalariga topshirish uchun tavsiyanomalar berilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi “Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan xotin-qizlarni davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi 322-sonli qarori boʻyicha tavsiyanomalar berish uchun arizalar qabul qilish jarayoni 15-maydan boshlangan boʻlib, bugun 1-iyun – oxirgi muddat.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyundagi “Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 402-son qaroriga muvofiq, Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish jarayonlari boshlandi.

Respublika oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida oliy maʼlumot olish istagida boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi 6 ta mezonlar asosida beriladi:

kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam taʼminlangan deb eʼtirof etiladi;

- toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;

- turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;

- nogironligi boʻlgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;

- ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning qiz farzandlari;

- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga ega boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.

Ushbu hujjatga muvofiq, jami 2000 ta kvota nazarda tutilgan boʻlib, tavsiyanomalar uchun hujjatlarni qabul qilish 8-iyunga qadar davom etadi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar https://xotin-qizlar.uz/ platformasi orqali 8-iyunga qadar onlayn ariza qoldirishlari lozim.

Ariza qoldirish bilan bogʻliq savollar boʻyicha talabgorlar doimiy yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila
va xotin-qizlar boʻlimlariga yoki Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining
(71) 202-10-76 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.

Tavsiyanoma olish uchun talabgorlarning arizalari 10-iyunga qadar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qilinadi.

Tavsiyanoma ishchi guruhi yigʻilishining yakuniy bayonnomalariga koʻra rasmiylashtirilgan tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlarining buyruqlari asosida elektron hujjat shaklida qabul qilinadi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan 14-iyunga qadar beriladi.

15-iyunga qadar tavsiyanomalar oʻrnatilgan tartibda oʻz egalariga yetkaziladi.

Eslatma:

Tavsiyanoma oliy maʼlumot olish istagida boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga bir yilga beriladi.

Tavsiyanoma ajratilgan qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtishida tanlagan birinchi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tavsiyanomaga ega boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har yili 15-iyulga qadar Oliy taʼlim va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining abituriyentlar bazasiga kiritiladi.

Tavsiyanomaga ega boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oliy taʼlim muassasalarining bakalavriyatiga qabul qilish boʻyicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ball toʻplagan tavsiyanomaga ega boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Davlatimiz Rahbari ishonch bildirganlaridek, “Dunyoda chuqur iqtisodiy inqiroz davom etayotgan hozirgi kunda, qanchalik qiyin boʻlmasin, zarur mablagʻ va imkoniyatlarni topib amalga oshirilayotgan bunday saʼy-harakatlar, albatta oʻz natijasini beradi. Oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va sanʼat, sport namoyandalari yetishib chiqadi”.

 

         Oxangaron tuman adliya boʻlimi

         yuridik xizmat koʻrsatish markazi

         boshligʻi                                                                     Ch. Urazova