Янгиликлар
Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining amalga oshirilishi to’g’risida
Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining amalga oshirilishi to’g’risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi PF-67-son Yangi tahrirdagi “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo’yicha birinchi navbatdagi chora tadbirlar to’g’risida”gi Farmonida yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratishi, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi keltirilgan. Shuningdek, mazkur farmonda vatanimiz taraqqiyoti yo’lida qanday ishlar amalga oshirilishi lozimligi yanada aniq belgilab quyilgan. Xususan, O‘zbekiston va jahon hamjamiyati, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni “davlatlarning hududiy yaxlitligi” va “tinchliksevar tashqi siyosat” prinsiplari asosida rivojlantirishga doir konstitutsiyaviy normalarni O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga kiritish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqilishi, suveren davlat maqomini mustahkamlash bo‘yicha huquqiy asoslarni kuchaytirish, yangi sinovlar va tahdidlar sharoitida milliy manfaatlar ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish lozimligi, o‘zaro ishonch va hamkorlikka asoslangan tashqi siyosatni davom ettirish masalalarini qamrab olish zarurligi belgilab quyilgan.
Mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlash va mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yo’nalishlari belgilangan: Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligi va tayyorgarligi hamda o‘quv moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida rahbar lavozimlarga tayinlash uchun davlat xizmatining zamonaviy standartlari asosida kadrlar zaxirasini yaratish tizimini rivojlantirish kabilar.
Mazkur farmonda hukumat faoliyatiga oid qonun hujjatlarida ham Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etilishi belgilangan. Shuningdek, Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibini yoki a’zosini iste’foga chiqarishga haqli ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zosining o‘z faoliyatiga oid masalalar yuzasidan hisobotini eshitishga haqli ekanligi, Vazirlar Mahkamasi a’zolari parlament so‘rovlariga va Qonunchilik palatasi deputatining, Senat a’zosining so‘rovlariga qonunda belgilangan tartibda javob berishi shartligi belgilangan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq Jinoyat protsessida himoyachining maqomini kuchaytirish, jumladan, unga surishtiruv va dastlabki tergov davomida himoyachi tomonidan istalgan vaqtda jinoyat ishini qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarorlardan nusxa olish, ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish uchun sudga to‘g‘ridan to‘g‘ri iltimosnoma kiritish, tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgan shaxslarga malakali yuridik yordamdan foydalanish huquqini kafolatlash maqsadida tergovga qadar tekshiruv jarayonida himoyachi maqomida ishtirok etish, ish bo‘yicha shartnoma asosida sud ekspertizalari o‘tkazilishini va zarur bilimga ega mutaxassislar jalb qilinishini tashkillashtirish kabi quyidagi qo‘shimcha huquq va vakolatar berilgan.