Янгиликлар
Konstitutsiyamizning 15-moddasi: Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi
Konstitutsiyamizning 15-moddasi: Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi
Konstitutsiyamizning 15-moddasi:
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllaniladi.
Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadilar”.
Konstitutsiyaning eng asosiy yuridik xususiyatlaridan biri – uning oliy yuridik kuchga ega ekanligidir.
Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega deganda – qonunchilik hujjatlarining tizimida (iyerarxiyasida) eng yuqori oʻrinda turishi hamda uning boshqa har qanday normativ-huquqiy hujjatlardan ustunligi tushuniladi.
Konstitutsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi – davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarini huquqni qoʻllash amaliyotida bevosita qoʻllagan holda qarorlar qabul qilish, fuqarolarning Konstitutsiya normalaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishi va rioya etishini koʻzda tutadi.
Qonunchilik hujjatlariga Konstitutsiya, qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Prezident farmon, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, vazirlik va idoralar buyruqlari hamda qarorlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari kiradi.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ekanligi uning siyosiy-huquqiy hujjatligi, parlamentda qabul qilinishining alohida tartibiga ega ekanligi yoki umumxalq ovozi (referendum) asosida qabul qilinishi, davlatning ichki va tashqi siyosatining asosiy strategik yoʻnalishlarini, insonning asosiy huquq va erkinliklarini belgilashida ham namoyon boʻladi.
Muzallamov Muhiddin
Yangiyo'l shahar Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti