Янгиликлар
Xodimni malaka oshirishga yuborish yoxud xizmat safari.
Xodimni malaka oshirishga yuborish yoxud xizmat safari.
Ko‘pchilik xodimni malaka oshirish yoki qayta tayyorlashga yuborishni xizmat safari bilan bitta narsa deb o‘ylaydi. Aslida unday emas.
Mehnat kodeksining 286-moddasida: birinchi o‘rinda xizmat safari turgan bo‘lsa; to‘rtinchi o‘rinda ish beruvchining yo‘llanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tish davri turibdi.
Ya’ni, MK 286-moddada xodimning xizmat safari alohida, qayta tayyorlash va malaka oshirishga yuborish alohida jarayon ekanligi ko‘rsatilgan. O‘z navbatida, MK 287-modda xizmat safariga (bu davrga to‘lanadigan kompensatsiyaga) bag‘ishlangan, 290-modda esa qayta tayyorlash va malaka oshirishga (va kompensatsiya to‘lovlariga) bag‘ishlangan. Ya’ni, bularning ikkita alohida moddalarga ajratilgan boshqa-boshqa huquqiy jarayonligi shundan ham ko‘rinmoqda.
Yana bir jihat, MK 287-moddada xizmat safariga xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun boshqa joyga ma’lum muddatga qiladigan safari deb ta’rif berilgan. E’tibor bering, xizmat safarida xodim ish beruvchining konkret bir xizmat topshirig‘ini bajarish uchun yuboriladi, yanada aniqrog‘i, xizmat safariga borgan joyda xodim ish beruvchidan olgan topshiriq bo‘yicha ishlaydi va mehnat qiladi.
Yo‘llanma bo‘yicha qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilganda esa, xodim nima bilan band bo‘ladi? Albatta o‘qish bilan, ta’lim olish bilan, qandaydir amaliy topshiriqni bajarish bilan emas. Demak, yana takrorlaymiz, xodim ish beruvchi tomonidan boshqa bir joyga malaka oshirish yoki qayta tayyorlash uchun yuborilishi bu xizmat safari hiosblanmaydi.
Unda qayta tayyorlash va malaka oshirish davri uchun harajatlar qanday qoplanadi degan savol tug‘iladi.
Mehnat kodeksining 290-moddasi 1-qismida “agar ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishi boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa, xodimga o‘qish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining o‘rni qoplanadi” deyilgan. Ya’ni, yo‘llanma (rasmiy xat) bilan yuqoridagi o‘qish turlariga boshqa joyga yuborilganda xodimlarga borish-kelish transport harajatlari va turar-joy harajatlari qoplanadi.
Endi, sutkalik harajatlar masalasi qolyapti to‘g‘rimi? Qarang, Kodeksning 290-moddasi 2-qismida shunday deyilmoqda: “jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan ichki hujjatda kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkaga yuborilgan xodimlarga yashash joyidan tashqarida yashaganlik uchun kompensatsiya (sutkalik) to‘lovi belgilanishi mumkin”.
Ya’ni, xodimga 290-modda bo‘yicha o‘qishda bo‘lgan davriga sutkalik (ovqatlanish va boshqa harajatlar) davrida pul to‘lash uchun bu masala tashkilotning jamoa shartnomasida yoki rahbarning kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan boshqa ichki hujjatida ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa, muammo bo‘lishi mumkin.
Umuman, ish beruvchilarga tavsiya shuki, hozir ko‘pchiligingiz jamoa shartnomalarini yangilayotgan vaqtdasiz, demak, xodimlarni kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tish uchun yuborgan holatda qoplab beriladigan to‘lovlar (transport, turar-joy va sutkalik to‘lovlar)ning aniq miqdorlarini albatta kiritib keting.
O`rta Chirchiq tumani YUXKM
bosh yuriskonsulti D.Jo`ramurodov