Янгиликлар
Bola parvarishi ta’tili davri haqida.
Bola parvarishi ta’tili davri haqida.
Haqiqatdan ham, yangi Mehnat kodeksining 220-moddasiga asosan, xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har 5 yil uchun davomiyligi 2 kalendar kun bo‘lgan, biroq jami 8 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili berilishi belgilab qo‘yildi.
Masalan, xodim qaysidir tashkilotga ishga kirganiga 10 yil bo‘ldi, demak bu xodimga shu tashkilotdagi 10 yillik staji uchun 4 kalendar kundan iborat bo‘lgan qo‘shimcha mehnat ta’tili berishimiz aniq. Biroq, bu xodim ushbu 10 yillik davrning 4 yilini bola parvarishlash ta’tilida o‘tkazgan. Xo‘sh, bu holda nima qilamiz?
1. Yangi Mehnat kodeksining 226-moddasi 1-qismiga muvofiq har yilgi asosiy mehnat ta’tili bilan birga bir tashkilotda yoki tarmoqdagi ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beradigan ish stajiga kiradigan holatlar ro‘yhati ko‘rsatilgan. Bu ro‘yhatga xodim haqiqatda ishlamagan bo‘lsada, biroq qonunchilik, ichki huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasiga muvofiq ish o‘rni saqlangan vaqtlar ham kirishi aytib o‘tilgan.
Lekin, ushbu qoidada xodimning ish o‘rni saqlanadigan yuqoridagi imtiyozli davriga uning bola parvarishlash ta’tili ham kirishi aniq ko‘rsatilmagan. Ya’ni, bu yerda biroz mavhumlik borligi uchun bundan savolga aniq javob olish mushkul.
2. Kodeksning 226-moddasi 2-qismida esa Kodeksning 405-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan bolani (2 yoshgacha va 3 yoshgacha) parvarishlash ta’tillar vaqti har yilgi asosiy mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish staji jumlasiga kirmasligi belgilangan.
Bu qoidaga ham chalg‘imaylik, bunda bola parvarishlash ta’tili davri hisoblanmasligi deganda, mazkur ta’qiq xodimning asosiy mehnat ta’tilini hisoblashga talluqli bo‘lyapti. Ya’ni, bu cheklovning asosiy ta’tildan tashqari bo‘lgan, qo‘shimcha mehnat ta’tillariga, jumladan, staj bilan bog‘liq qo‘shimcha mehnat ta’tiliga ham aloqasi yo‘q.
3. Mana endi, oxirgi qoidaga ahamiyat beramiz. Mehnat kodeksining 405-moddasi 6-qismida shunday deyilgan: “kelgusidagi yillik mehnat ta’tilini olish huquqini beruvchi ish stajiga, agar jamoa shartnomasida, shuningdek tashkilotning ichki hujjatida yoxud mehnat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, bolani parvarishlash ta’tillari vaqti kiritilmaydi”.
Agar biz MK 220-moddadagi staj bilan bog‘liq qo‘shimcha ta’tilni ham har yilgi mehnat ta’tili ekanligini inobatga olsak, ayni mana shu qoida ko‘rib chiqilayotgan savolga yakuniy javob bera oladi.
Ya’ni, hamma gap tashkilotning jamoa shartnomasiga, yo bo‘lmasam, tashkilotning boshqa ichki hujjatlariga yoki xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga bog‘liq bo‘lyapti.
Agar, mazkur hujjatlarda yoki ularning birida bola parvarishlash ta’tili davri ham xodimning staj bilan bog‘liq qo‘shimcha ta’til olish huquqini beradigan stajiga o‘tishi belgilangan bo‘lsa, muammo yo‘q.
Aks holda, bola parvarishlash ta’tili davri staj bilan bog‘liq qo‘shimcha mehnat ta’tili olish huquqini beradigan ish stajiga kirmasligi mumkin.
O`rta Chirchiq tumani YUXKM
bosh yuriskonsulti D.Jo`ramurodov