Янгиликлар
Korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida konferensiya boʻlib oʻtdi
Korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida konferensiya boʻlib oʻtdi
Korrupsiya va milliy taraqqiyot masalasi — yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan ham muhim va dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu bois yurtimizda mazkur illatga qarshi keskin kurash olib borilmoqda.
Joylarda davlat organlari va tashkilotlari vakillarining bu boradagi huquqiy savodxonligini oshirish, mazkur illatga qarshi ularda immunitet hosil qilish, ularni “halollik” vaksinasi bilan emlash maqsadida muntazam tarzda davra suhbatlari, konferensiyalar tashkil etib borilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyati adliya boshqarmasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga barchamiz masʼulmiz” mavzusida viloyat hokimligi, prokuratura, adliya hamda ichki ishlar bosh boshqarmasi ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Konferensiya davomida korrupsiyaga qarshi kurashish nufaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi ekanligini balki bu borada barcha davlat organlari va fuqarolik jamiyatlari institutlari hamkorligini yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida adliya xodimlari tomonidan ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati hamda bu borada joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar berildi.
— Maʼlumki, korrupsiya, eng avvalo, inson huquqlarini taʼminlashga monelik qilib, ijtimoiy tengsizlikni keltirib chiqaradi, — deydi Toshkent viloyati adliya boshqarma boʻlim boshligʻi Dilshod Turdimuhammadiyev. — Erkin bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga, hayot darajasining pasayishiga olib keladi. Shu bilan bir qatorda korrupsiya fuqarolarning davlat boshqaruvi idoralariga boʻlgan ishonchi yoʻqolishiga olib kelib, uyushgan jinoyatchilikning avj olishiga zamin yaratadi va insonlarning xavfsizligiga tahdid soladi. Bugun maqsadimiz aniq, korrupsiya muammosining tub mohiyatini tushunib yetish va korrupsiya bilan murosasiz kurashish hamda uni oldini olishdan iboratdir.
Tadbir yakunida “Nafs iskanjasida” nomli qisqa metrajli film namoyish etildi.
Dilshod Turdimuhammadiyev,
Toshkent viloyati adliya
boshqarmasi masʼul xodimi