Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Soliq tushunchasi, uning zarurligi va iqtisodiyotda tutgan oʼrni


Soliq tushunchasi, uning zarurligi va iqtisodiyotda tutgan oʼrni

         Oʼzbekiston Respublikasini Soliq Kodeksining 12- moddasiga asosan Soliqlar deganda-muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va begʼaraz xususiyatga ega boʼlgan, byudjetga yoʼnaltiriladigan majburiy pul toʼlovlari tushuniladi.

         Boshqa majburiy toʼlovlar deganda belgilangan davlat maqsadli jamgʼarmalariga majburiy pul toʼlovlari, bojxona toʼlovlari, shuningdek vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga molik harakatlarni toʼlovchilarga nisbatan amalga oshirish uchun, shu jumladan muayyan huquqlarni yoki litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berish uchun toʼlanishi lozim boʼlgan yigʼimlar, davlat boji tushuniladi.

         Soliqlar majburiy toʼlovni ifoda etuvchi pul munosabatlarini bildiradi. Bu munosabatlar soliq toʼlovchilar bilan soliqni oʼz mulkiga aylantiruvchi davlat oʼrtasida boʼladi. Korxona va tashkilotlar aholiga xizmat koʼrsatganida, ishlar bajarganida yoki bozorlarda oldi-sotdi qilganda ham pul toʼlovlari mavjud. Lekin ular soliq boʼla olmaydi. Soliq munosabati boʼlishi uchun davlat mamlakatda yaratilgan ijtimoiy mahsulot qiymatini taqsimlash yoʼli bilan majburan davlat byudjetiga mablagʼ toʼplash jarayonini amalga oshiradi.

         Toʼlangan soliqlar mamlakat miqyosida hammaga bir xil miqdorda qaytib keladi. Lekin, davlatga toʼlangan soliq summasi toʼlovchining shaxsan oʼziga toʼliq qaytib kelmaydi, yaʼni u ekvivalentsiz pul toʼlovidir. Masalan, soliq toʼlovchi bu yili davlatning sogʼliqni saqlash va maorif xizmatlaridan hech foydalanmagan boʼlishi mumkin. Lekin bozor iqtisodiyoti sharoitida hamma soliq toʼlovchilarning toʼlagan soliq va yigʼimlari davlatning ularga koʼrsatgan xilma-xil xizmatlari (mudofaa, xavfsizlikni taʼminlash, tartib-intizomni oʼrnatish va boshqa ijtimoiy-zaruriy xizmatlar) orqali oʼzlariga qaytib keladi.

         Soliqlar iqtisodiy kategoriya boʼlganligidan toʼlovchilar va byudjet oʼrtasida daromadlar taqsimlanayotganda tomonlarning iqtisodiy manfaatini, albatta, eʼtiborga olish zarur. Soliq toʼlovchilar daromadini davlat istaganicha ololmaydi, soliqlarni byudjetga olishning maʼlum chegarasi mavjud. Bu haqda yirik iqtisodchi olimlar va davlat arboblarioʼz asarlarida koʼrsatib oʼtgan. Uni davlat, shu bilan birga soliq toʼlovchilarning mahsulot ishlab chiqarish va foyda olishdagi faoliyatini hisobga olib soliq belgilanadi. Ikkinchi tomondan, soliqlardan makroiqtisodiyotni rivojlantirish, bozor infratuzilmasini yaratish va boshqa umumdavlat maqsadlari uchun yetarli moliyaviy resurslar toʼplash uchun foydalaniladi. Soliqlar mohiyati soliq toʼlovchilar bilan davlat oʼrtasidagi doimiy, uzoq muddatli munosabatlarda oʼz ifodasini topadi. Аniqroq aytsak bu yerda iqtisodiy munosabat yaʼni pul munosabati mavjuddir.

         Bozor iqtisodiyotiga oʼtish davrida davlatning yangi vazifalari paydo boʼladi. Bularga bizning respublikamizda kam taʼminlanganlarga ijtimoiy yordam koʼrsatish, bozor iqtisodiyoti infratuzilmasini tashkil qilish kiradi. Shu yerda davlat kuchli sotsial siyosat tadbirlarini amalga oshirish uchun pensionerlar, nafaqaxoʼrlar, talabalar, koʼp bolali onalar va boshqalarni koʼproq mablagʼ bilan taʼminlash zarurligini anglab cheklangan tovarlar bahosidagi farqni budjet hisobidan qoplaydi va ularga boshqa xarajatlarni davlat hisobidan amalga oshiradi, mahallalarda kam taʼminlanganlarga moddiy yordamlar tashkil etadi. Shu bilan birga, Oʼzbekiston davlati jamiyat aʼzolari osoyishtaligini saqlash maqsadida oʼzining mudofaa qobiliyatini saqlab va mustahkamlab turishga, texnika va oʼq-dorilarga ham mablagʼlar sarflaydi. Qolaversa, davlat fuqarolar xafvsizligini saqlash, mamlakatda tartib intizom oʼrnatish, uni boshqarish funktsiyalarini bajarish uchun ham koʼplab mablagʼ yoʼnaltirishga majbur. Bunday xarajatlarni amalga oshirishning majburiyligi ular uchun manba boʼlgan soliqlarni ham obʼektiv zarur qilib qoʼyadi.

Ohangaron Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish

markazi bosh yuristkonsulti

Raxmatillayev Jonibek Asadilla o’g’li